"Meni aytganlarimni bajarmaguningizcha, HAMASning xech bir a’zosi xavfsizlikda bo‘lmaydi"

Tramp HAMASdan G‘azo sektorida garovda ushlab turilgan barcha isroilliklarni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi, shuningdek, guruh rahbariyatini anklav hududini tark etishga chaqirdi, deb xabar bermoqda BBC.
"Barcha garovga olinganlarni keyinga qoldirmay, hoziroq ozod qiling va o‘ldirilgan odamlarning jasadlarini darhol qaytaring, aks holda halok bo‘lasizlar. Meni aytganlarimni bajarmaguningizcha, HAMASning xech bir a’zosi xavfsizlikda bo‘lmaydi", — deb yozdi AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
"Bu so‘nggi ogohlantirish! HAMAS rahbariyatiga kelsak, hozir imkoniyatingiz bor paytda G‘azoni tark etishning ayni payti. Shuningdek, G‘azo aholisiga murojaat qilaman: sizlarni go‘zal kelajak kutmoqda, ammo bu faqat garovga olinganlarni ozod qilsangizgina amalga oshadi!", — deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Avvalroq Oq uy AQSh HAMAS bilan garovga olinganlar masalasi bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini tasdiqlagan edi. Shu paytgacha Vashington guruh bilan bevosita aloqa o‘rnatishdan qochgan bo‘lsa-da, hozirda muloqot boshlangan. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar muzokaralar oldidan Isroil bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgan.
BBC manbalariga ko‘ra, HAMAS va AQSh vakillari o‘rtasida ikkita uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
"Bunday muzokaralar noodatiy bo‘lsa-da, misli ko‘rilmagan holat emas. O‘tgan yilning aprel oyida ham Bayden ma’muriyati vakillari HAMAS bilan garovdagi amerikaliklar masalasini muhokama qilish uchun shunday uchrashuv o‘tkazgan edi", — deya ta’kidlaydi BBC muxbiri Pol Adams.