So‘rov natijalari: Ruslar jang qilishdan charchagan

Levada markazining may oyida o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, Ukraina bilan muzokaralar olib borish va urushni tugatishni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyaliklar ulushi rekord darajadagi 64 foizga yetgan.
Mart oyidan buyon bu ko‘rsatkich 6 punktga oshgan, mojaroning davom etishi tarafdorlari esa 34 foizdan 28 foizga kamaygan. Taqqoslash uchun: 2023 yil may oyida respondentlarning 48 foizi jangovar harakatlar davom etishi kerak, deb hisoblagan , 2024 yil may oyida esa 43 foiz.
✍️ Tinchlik muzokaralarini eng ko‘p qo‘llab-quvvatlovchi ayollar (73 foiz), 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar (77 foiz) va qishloq aholisi (67 foiz), shuningdek, mamlakat noto‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganiga ishonuvchilar (76 foiz) va Vladimir Putin faoliyatini ma’qullamaydiganlar (77 foiz) orasida qayd etilgan. Urushni davom ettirish tarafdorlari erkaklar (39%), keksa ruslar (35%) va moskvaliklar (40%) orasida ko‘proq.
Tadqiqotga ko‘ra, rossiyaliklarda eng katta taassurot qoldirgan may oyidagi voqealar G‘alaba kuni va Ukraina va Rossiya o‘rtasida 16-may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘lgan. Uchrashuvni respondentlarning 87 foizi olqishlagan bo‘lsa, atigi 6 foizi bu haqda salbiy fikr bildirgan. Muzokaralar foydasiga argumentlar mahbuslarni qaytarish zarurati va tinchlik istagini o‘z ichiga oladi (har birida 24%).
Shu bilan birga, Levada so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatadiki: 73% birinchi navbatda mojaroning "asosiy sabablarini" yo‘q qilish kerak, va shundan keyingina janglar to‘xtatilishi kerak, deb hisoblaydi . Respondentlarning atigi 18 foizi boshqacha fikrda - avval otishni to‘xtating, keyin qolgan muammolarni hal qiling. Shu bilan birga, respondentlar aynan nimani "asosiy sabablar" deb bilishlari tadqiqotga berilgan izohda tushuntirilmagan.
So‘rov 22-28 may kunlari mamlakatning 50 ta hududida 18 yoshdan oshgan 1613 nafar rossiyalik o‘rtasida o‘tkazildi .