Meksikalik narkobaron El Chaponing rafiqasi hibsga olindi

Meksikalik narkobaron El Chaponing rafiqasi hibsga olindi

AQShda El Chapo laqabli meksikalik narkobaron Xoakin Gusman Loeraning rafiqasi Emma Koronel Ayspuro hibsga olindi. Ayol 24 fevral, chorshanba kuni Kolumbiya okrug sudiga olib boriladi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi veb-saytida xabar berildi.

Adliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Ayspuro kokain, metamfetamin, geroin va marixuana moddalarini AQShga import qilish yuzasidan til biriktirishda ishtirok etganlikda ayblanmoqda. Bundan tashqari, ayol 2015 yil iyul oyida Gusmanga Meksikaning Altiplano qamoqxonasidan qochishga yordam berganlikda gumon qilinmoqda.

«2016 yil yanvar oyida El Chapo Meksikada qayta hibsga olingach, rafiqasi yana bir qochishni rejalashtirishda ishtirok etgan», — deya ta’kidladi tergovchilar.

Gusman — «Sinaloa» giyohvand moddalar kartelining rahbari. 2014 yil fevraligacha AQSh Adliya vazirligi uni dunyodagi eng qudratli narkobaron deb atagan. Narkobaron ikki marta qamoqdan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Birinchi safar u Gvatemala hukumati tomonidan 1993 yilda hibsga olinib, Meksikaga ekstradisiya qilingan edi. U yerda sud narkobaronni 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Ammo 2001 yili narkobaron soqchilarning barchasini sotib olib, qamoqdan qochib ketdi.

Unga 2014 yilda ikkinchi bor hukm o‘qilgan. O‘shanda narkobaron maxsus qo‘riqlanadigan qamoqxonaga joylashtirilgan edi. Ammo 2015 yil iyul oyida u yerdan qochib qutulgan: uning kamerasi ostida bir yarim kilometrlik yerosti yo‘li topilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!