May oyida Samarqandda triatlon va paratriatlon bo‘yicha Jahon kubogi bo‘lib o‘tadi

Shu yilning 24-25 may kunlari qadimiy Samarqandda butun dunyodan eng kuchli "Elite" sportchilari ishtirok etadigan triatlon va paratriatlon bo‘yicha Jahon kubogi bo‘lib o‘tadi.
"Dunyo" AAning xabar berishicha, musobaqaning tashkiliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand 20 dan ortiq davlatdan kelgan ishtirokchilarni qabul qiladi va poyga davomida sportchilar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. Musobaqa g‘oliblari keyingi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun reyting ochkolarini qo‘lga kiritishda katta ustunlikka ega bo‘ladilar.
2024 yilda Samarqandda "World Triathlon Cup" debyuti bo‘lib o‘tdi va shu zahotiyoq Butunjahon triatlon xalqaro federasiyasining eng yuqori baholarini oldi, shuningdek, ishtirokchilar va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
"World Triathlon2 Cup" doirasida sportchilar "Standard" masofada bellashadilar: Suzish - 1,5 km, velosiped bosqichi - 40 km va yugurish bosqichi - 10 km.
"World Triathlon Para Cup"da turli toifadagi para-sportchilar ishtirok etadi: jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar (PTS2-3-4-5 ), nogironlar aravachasidagi sportchilar (PTWC) va ko‘rish qobiliyati zaif sportchilar o‘zlarining gidlari (PTVI) bilan Super Sprint masofasida: Suzish - 750 m, velosiped bosqichi - 19 km va yugurish bosqichi - 5 km.
Jahon kubogi doirasida triatlon bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati ham bo‘lib o‘tadi va unda professional va havaskor sportchilar ishtirok etadi.
"Standard" masofada "AGE group" toifasidagi sportchilar ham ishtirok etadilar.
Musobaqa mintaqadagi eng yirik dam olish maskani – "Silk Road Samarkand" zamonaviy sayyohlik majmuasi hududida bo‘lib o‘tadi. Majmua 8 ta zamonaviy mehmonxonani o‘z ichiga oladi va tanlov ishtirokchilari uchun eksklyuziv shart-sharoitlar, jumladan, turar joy uchun maxsus chegirmalar taqdim etadi.