“Sehrlandiya”: “O‘rgimchak odam” emas — Jaloliddin, yovuzlik emas — yaxshilik, qo‘rqoqlik emas — ishonch!
Yaqin-yaqingacha xorij multfilmlarini ko‘rib, havas qilardik. Biznikilar ham qachon shunaqangi multfilmlar ishlarkin, derdik. “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” multfilmi esa orzularimizni ro‘yobga chiqardi.
Bugun Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda mazkur multikartina premyerasi bo‘lib o‘tdi. Multfilm Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tomonidan “Lola” animasiya studiyasi tomonidan tayyorlangan. Asosiy g‘oya — bolalarda ezgulik, qahramonlik, xaloskorlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularning ongiga “O‘rgimchak odam” va boshqa shu kabi ajnabiy obrazlar o‘rniga o‘zimizning milliy qahramonlarni singdirish. Bu albatta bizni “Qachongacha bolalarimiz G‘arb qahramonlariga taqlid qiladi, nima, o‘zimizning milliy qahramonlar yo‘qmi?” degan azaliy va og‘riqli savoldan qutqaradi.
Multfilmda singilning akaga muhabbati, g‘irromlikning yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi ta’kidlangan.
Multfilmda qahramonlar: Temur, Bobur, Ulug‘bek, Jaloliddin to‘p o‘ynab, koptok ortidan boshqa bir davrga tushib qolishadi. O‘z yurtlariga qaytishning yagona sharti — koptokni topib, tuynuk orqali qaytish. O‘sha davrda esa yovuz qahramonlar — yirtqish qush, vahshiy olabo‘jiga duch kelishadi. Koptokni olib, portal orqali qaytmoqchi bo‘lganlarida yirtqich qush tosh ostida qoladi. Qahramonlar esa koptokni olib, tuynuk orqali o‘z yurtlariga qaytishdan ko‘ra o‘zlariga yomonlik qilmoqchi bo‘lgan qushga yordam berishadi. Bu orqali ezgulik doim birinchi o‘rinda turishi ta’kidlanadi. Evaziga to‘p ularga qaytadi va ularga superkuch beriladi. To‘rt qahramon yovuz kuch — Olabo‘jiga qarshi kurashadi.
Yovuz qahramonga qarshi yosh bolalar tanlanishi — ulardagi ezgulik, insoniylik eng katta kuch ekanligi bilan izohlanadi.
Aytgancha, multfilm ijodkorlari bilan yana bir jabhada fikrimiz bir joydan chiqdi — robotlashtirish kelajakda yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Sun’iy intellektni puxta o‘rganib, to‘g‘ri foydalanish esa har doim yordam beradi.
Multfilmda yaxshi detal bor — qo‘rqoq, o‘ziga ishonmaydigan Jaloliddin do‘stlarini qutqarish uchun o‘ziga ishongan holda Olabo‘ji hujumiga nishon bo‘ladi va raqibni yengadi. Ya’ni inson qachonki o‘ziga ishonsa, har narsaga qodir bo‘lishi juda yaxshi aks ettirilgan. Yakunda aynan Jaloliddin — multfilmdagi eng qo‘rqoq obraz o‘ziga ishonib, Olabo‘jini yo‘q qiladi va qahramonga aylanadi. Mantiqiy va original yakun.
Yana bir gap: bobolaringiz aytgan ezgulik qahramonlariga, ertaklarga ishoning, chunki har bir ertak ortida haqiqat bo‘ladi.
