Markaziy bank biznes vakillarining valyuta operasiyalariga cheklovlar kiritmoqda

O‘zbekiston Markaziy banki 18 sentyabrdan boshlab banklar uchun valyuta operasiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqda. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, endilikda kompaniyalarning chet el valyutasini sotib olish va valyuta bilan bog‘liq operasiyalari faqat asosiy hisob raqami ochilgan banklar orqali amalga oshirilishi kerak.
Bunday holda biznes vakillari chet el valyutasini arzonroq taklif qilayotgan banklardan ololmaydi. Banklar ham valyutaga arzonroq narx belgilashdan deyarli manfaat ko‘rmaydi.
Bundan tashqari, banklarga tadbirkorlarga chet el valyutasini sotish bilan bog‘liq operasiyalar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Valyuta sotilishi banklarning tarkibiy bo‘linmalari — banklar rais o‘rinbosarlari boshchiligidagi ekspert guruhlari xulosalari asosida amalga oshiriladi.
Bu esa biznes vakillarining bankdan dollar sotib olish jarayonini sezilarli murakkablashtiradi.
Shuningdek, banklarga mijozlarning ikkilamchi hisobvaraqalarini yopish topshirig‘i ham berilgan. Sodda qilib tushuntirilganda, tadbirkorlar boshqa banklardagi maxsus hisobvaraqlarini yopishi, faqat bitta hisob raqamiga ega bo‘lishi, ya’ni konvertasiyani faqat bitta bank orqali amalga oshirishi kerak.