Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgiladi

Markaziy bank boshqaruvi 2025 yil 20 martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Markaziy bank boshqaruvi inflyasion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyasion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishga qaror qildi.
Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyasion xatarlarni inobatga olib, inflyasion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyasiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.
2025 yil boshidan umumiy inflyasiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.
Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyasion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi va fevral oyida aholining inflyasion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik sub’ektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng bo‘ldi.
So‘nggi oylarda xizmatlar inflyasiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon bo‘lmoqda.
Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, o‘zining o‘rta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.
Iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlash pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi umumiy talabni muvozanatli shakllanishiga va narxlarga oshiruvchi omillar ta’sirini kamaytirishi orqali kelgusi choraklarda inflyasion jarayonlarning ma’lum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni bo‘yicha umumiy inflyasiyani 7-8 foizgacha pasayishiga zamin yaratadi.
Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyasiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iy shakllantirishni davom ettiradi.
Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqiladi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 24 aprel kuniga belgilangan.