Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar ham yarashuv asosida javobgarlikdan ozod etilishi mumkinmi?
Savol: Akam 32 yoshiga qadar biror marta huquqbuzarlik sodir etmagan. Yaqinda o‘zining qayinukasi bilan o‘zaro janjallashib, yengil tan jarohati yetkazib huquqbuzarlik sodir etdi. Ota-onam tomonidan akamga uning harakatlari oilasi va farzandlari tarbiyasiga ma’naviy va tarbiyaviy jihatdan qanday ta’siri etishi mumkinligi tushuntirilgach, hozirgi kunda ular o‘zaro kelishib, o‘rtalarida adovat qolmagan. Eshitishimcha, jinoyat sodir etgan shaxslar o‘zaro yarashsa jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin ekan. Biroq, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga ham qonunda shunday imkoniyat mavjudmi? Mavjud bo‘lsa qanday turdagi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga yarashuv qo‘llaniladi?
Ismi va manzili sir tutildi
Savolga Oliy sud bosh konsultanti Akrom Aripov javob berdi:
Yarashganligi munosabati bilan shaxsni ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish asoslari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-2-moddasida belgilab qo‘yilgan. Unga asosan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga ham yarashuv imkoniyati mavjud. Agar ukangiz o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, yarashuv asosida ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Savolning ikkinchi qismiga kelsak, quyidagi 12 turdagi huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga ham yarashuv qo‘llanilishi mumkin. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning:
40-moddasida — tuhmat;
41-moddasida — haqorat qilish;
45-moddasida — fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish;
46-moddasida — fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish;
461-moddasida — shaxsiy hayot daxlsizligini buzish;
52-moddasida — yengil tan jarohati yetkazish;
612-moddasida — mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish;
104-moddasida — ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo‘jalik ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo‘q qilib yuborish, ko‘chatlarga shikast yetkazish;
133-moddasida — transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
134-moddasida — haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi;
183-moddasida — mayda bezorilik;
200-moddasida nazarda tutilgan o‘zboshimchalik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha yarashuv shartlari bajarilgan hollarda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, sud uni yarashuvga asosan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilib ishni tugatishi mumkin.
Eslatish joizki, yuqoridagi huquqbuzarliklarni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.
