Majburiy maktab formasiga pul tikib qo‘ygan tadbirkorlar bankrot bo‘ladimi?

Majburiy maktab formasiga pul tikib qo‘ygan tadbirkorlar bankrot bo‘ladimi?

Majburiy maktab formasini joriy qilish kechiktirilgani haqida xabar berib o‘tilgan edi. Maktab formasini tikish va sotish bo‘yicha ish boshlagan tadbirkorlar buning ortidan bankrot bo‘lishlari mumkin. Bu haqda ularning o‘zi xalq ta’limi vazirligida bo‘lgan uchrashuv davomida bildirishdi.

Xalq ta’limi vazirligida 2019 yil 17 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 14 maydagi PF-5718-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga murojaat etgan bir qator tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri SH.Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakillari hamda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 30 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.

Suhbat jarayonida tadbirkorlar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarori yuzasidan ommaviy axborot vositalarida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning majburiy yagona zamonaviy formasiga o‘tilishiga doir chiqishlar, ulardagi turli xil qarashlarga munosabat bildirishso‘raldi.

Xususan, yangi 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uchun maktab formalarining ixtiyoriy deb ma’lum qilingani, shuningdek majburiy etib belgilanish muddati juda kechga surib yuborilishi haqidagi axborotlar tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar savdosini tashkil etishda salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi, sotilgan mahsulotlarni ota-onalar qaytarib kelayotganligi ham uchrayotgani, shu bilan birga tadbirkorlarning aksariyati mazkur ishlab chiqarishni tashkil etish uchun banklardan kreditlar olganligi sababli bunday holat oxir-oqibatda ularni bankrot holatiga olib kelishi mumkinligi aytib o‘tildi. Bu esa o‘z navbatida joylarda ishchi o‘rinlar kamayishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar qaror bilan tasdiqlangan forma fasonlari va ularni tikishda qo‘llaniladigan matolar ota-onalar tomonidan ma’qullanayotganligini bildirdi. Joylardagi uchrashuvlarda ota-onalarning aksariyati ushbu formani joriy etish taklifini ma’qullashayotgani, kimdadir uni sotib olishga moliyaviy qiyinchilik bo‘lsa, ularga imkon boricha tadbirkorlar yordam berishga harakat qilayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan shu kunga qadar tikilgan maktab formasi savdosini tashkil qilish jarayonida chin yetimlarga – bepul, kam ta’minlanganlarga – imtiyozli ravishda yetkazib berish bo‘yicha ham tashabbus ko‘rsatish bildirildi.

Xalq ta’limi vaziri o‘z navbatida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarori o‘z kuchini yo‘qotmaganligi, shu bilan birga ko‘plab ota-onalar, ayniqsa ko‘p farzandli, ehtiyojmand oilalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar hamda vazirlikka kelib tushayotgan e’tirozlarni inobatga olgan holda majburiy maktab formasiga o‘tish muddatini kechiktirish zaruriyati tug‘ilganligi haqida tushuntirish berdi.

Uchrashuvda 2019-2020 o‘quv yilida umumta’lim maktablarida Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarorida belgilangan maktab formalaridan tashqari boshqa fasondagi formalarni markazlashgan holda xarid qilishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda ota-onalarga joylarda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan belgilangan tadbirkorlar mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha barcha mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatma berilishi ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!