Leyden reytingi yetakchi o‘ntaligiga Xitoyning sakkizta universiteti kirdi
Nufuzli Garvard universiteti Leyden reytingida ikkinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa tushib ketdi, deb xabar berdi The New York Times.
Leyden reytingi 19 yildan buyon mavjud, unda faqat ilmiy tadqiqotlar samaradorligi va bibliometrik ko‘rsatkichlar hisobga olinadi.
Ushbu reytingda yildan-yilga Xitoy universitetlari yuqorilab bormoqda. Bu yilgi Leyden reytingi yetakchi o‘ntaligiga Xitoyning sakkizta oliy o‘quv yurti kirdi. Birinchi o‘rinni Chjeszyan universiteti (ZJU) egalladi, ikkinchi o‘rinda — Shanxayning Szyao Tun universiteti.
Top-10talikka kirgan qolgan qolgan Xitoy oliy ta’lim muassasalari: Sichuan universiteti, Chanshedagi Janubiy Xitoy markaziy universiteti, Xuachjun fan va texnologiyalar universiteti, Guanchjoudagi Sun Yatsen nomidagi Chjunshan universiteti, Sian davlat universiteti va Sinxua universiteti kirdi.
Garvard — AQShning o‘ntalikka kirgan yagona universiteti, yetakchi o‘nlikning so‘nggi pog‘onasida — Kanadaning Toronto universiteti.
Kuchli yigirmalikda ham asosan Xitoy universitetlari.
Ta’lim sohasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, «Xitoydan kelayotgan ilmiy ishlarning soni va sifati hayratlanarli», Amerika ta’limining sifati esa pasayib bormoqda. AQSh prezidenti o‘zgarganidan keyin davlat tomonidan moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar va migrasiya siyosatining qat’iylashtirilishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
2025 yil avgust oyida AQShga chet ellik talabalar bir yil oldingiga nisbatan 19 foiz kam keldi. Agar dunyoning eng zo‘r aql egalari boshqa mamlakatlarda o‘qish va ishlashni afzal ko‘rsa, tendensiya Amerika ta’lim muassasalarining obro‘si va mavqeini yanada pasaytirib yuborishi mumkin, deyiladi xabarda.
