Ko‘p qavatli uylarda mushuk va it boqqanlarga qonunda biror jazo bormi?

Ko‘p qavatli uylarda mushuk va it boqqanlarga qonunda biror jazo bormi?

— Qo‘shnilarimiz uyida mushuk va it boqishadi. Ko‘p qavatli uyda yashaganligimiz sababli, issiq kunlarda ularning badbo‘y hidi atrofga tarqalib, toza havodan nafas olishga imkon bermaydi. Qo‘shnilarni bir necha marta ogohlantirishimizga qaramay, bu holatga beparvo munosabatda bo‘lmoqda. Kechasi iti akkillashidan yosh farzandlarimiz uyqusidan qo‘rqib uyg‘onib ketishadi. Kunduzi esa sayrga chiqib, ko‘chada o‘ynab yurgan yosh bolalarni qo‘rqitadi. Qo‘shnilarning bu xatti-harakati uchun qonunda birorta chora yoki yechim bormi?

Ismi sir tutildi

MA’MURIY JAVOBGARLIK BELGILANGAN

— Hozirgi davr jinoyat va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchiligimizda qo‘shnilarning biror sabab bilan ziddiyatlarga borishiga alohida qilmish sifatida kvalifikasiya qilinmaydi. Biroq kelib chiqqan oqibatlarga qarab bir nechta xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 110-moddasi 1-qismida shaharlar va boshqa aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini ko‘rmaganlik hamda 2-qismida xuddi shunday huquqbuzarlik fuqarolarning sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelishi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Mazkur modda havolaki norma hisoblanib, it va mushuk boqishning alohida shartlari Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi 202-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash Qoidalari”da ko‘rsatib o‘tilgan.

Unga muvofiq sanitariya-gigiyena va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilish barcha it va mushuk boquvchilarning majburiy sharti hisoblanadi.

Barcha itlar quturishga qarshi emlash vaksinasi bilan profilaktik emlanishi shart bo‘lib, ko‘p qavatli uyning alohida kvartirasida qo‘shnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat beriladi. Alohida uyda itlarni saqlashga faqat bog‘langan holda, erkin sayr qildirishda - atrofi o‘ralgan hududda ajratilgan holda saqlashga yo‘l qo‘yiladi. Itlar ochiq joylarda sayr qildirilganda va turar joy binolarida itlarning egalari tinchlik saqlanishini ta’minlashlari – ertalab soat 8:00 gacha va kechqurun 22:00 dan keyin itlarning vovillashining oldini olishlari kerak.

Mazkur Qoidalar bilan quyidagi taqiqlar o‘rnatilgan:

  • itlar va mushuklarni umumiy foydalaniladigan joylarda: zinapoya maydonchalari, cherdaklar, yerto‘lalarda, shuningdek oshxonalar, balkonlar va umumfoydalanishdagi peshayvonlarda saqlash;
  • qo‘riqchi itlarni ta’lim va tibbiyot muassasalarida saqlash;
  • itlar va mushuklarni umumiy ovqatlanish korxonalariga, oziq-ovqat do‘konlari va boshqa do‘konlarning savdo va ishlab chiqarish zallariga olib kirish;
  • itlar va mushuklarni ko‘pchilik boradigan joylarda (plyaj, hovuz, favvoralarda va hokazolarda) cho‘miltirish yoki yuvish;
  • mast holatdagi shaxslar va 14 yoshdan kichik bolalarning itlarni sayr qildirishi;
  • itlar bilan jamoat joylarida bo‘lish va jamoat transportiga chiqish taqiqlanadi, (ushbu Qoidalarning 12 va 13-bandlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
  • oldini olish mumkin bo‘lgan itlar va mushuklarning o‘lishiga yoki jarohatlanishiga olib kelgan itlar va mushuklarni tashlab ketish, ularga jarohat yetkazish, ularni qarovsiz holda qoldirish, ularga ozor berish yoki jismoniy va ma’naviy azob berish, ularga nisbatan boshqa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan harakatlarni sodir etish;
  • itlar va mushuklarni sanitariya-epidemiologiya va veterinariya xizmatlarining ruxsatisiz bolalar muassasalarining zoologiya burchaklarida saqlash taqiqlanadi.

ITLARNI SAYR QILDIRISHDA QANDAY TARTIBLAR O‘RNATILGAN?

— Itlarni sayr qildirishga quyidagi tartiblar o‘rnatilgan:

  • itlar ochiq joylarda yoki buning uchun maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildiriladi, bu yerlar har doim ozoda saqlanishi kerak.
  • itning egasi it qochib ketmasligi yoki odamlar yoki boshqa hayvonlarga hujum qilmasligi choralarini ko‘rishi zarur.
  • it bo‘yinbog‘iga jeton mahkamlangan holda yetovda olib yurib sayr qildirilishi kerak. Jetonda identifikasion raqami ko‘rsatilishi kerak.
  • it ochiq joylarda sayr qildirilganda u tumshuqbog‘da va 2 metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida 1 metrgacha uzunlikdagi yetovda bo‘lishi kerak, tumshuqbog‘siz va yetovsiz faqat maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildirishga ruxsat beriladi.
  • itlar va mushuklarni transportning jamoat transportidan boshqa barcha yer usti turlarida olib yurishga ruxsat beriladi.
  • kichik itlar va mushuklarni jamoat transportida ularning sog‘lig‘iga xavf solmaydigan va ular qochib keta olmaydigan ko‘chma qurilmalarda, shuningdek yo‘lovchilarning xotirjamligi buzilishini istisno etgan shartlarga rioya qilgan holda olib yurishga ruxsat beriladi.

Ushbu Qoidalarning 24 va 25-bandlarida Qoidalarga rioya etilishini ichki ishlar organlari qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat qilishi, Qoidalar buzilgan taqdirda belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilishi ko‘rsatilgan.

Shu sababli, sizga mazkur masalada hudud profilaktika inspektoriga murojaat qilishingiz tushuntiriladi.

O‘ktam QAXAROV, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!