Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning burchimiz!
"O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245 va 245-8-moddalariga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-744-sonli Qonun va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish maqsadida Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlar bo‘yicha sudyasi Baxtiyor Madaminov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi G‘ayrat Ergashev va sudya Sharof Mo‘minov tomonidan Sirg‘ali tuman “Yuqoridarxon” MFYdagi jami 25 nafar faollar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi..
Uchrashuvda Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlar bo‘yicha sudyasi Baxtiyor Madaminov o‘z ma’ruzasida Qonunning mazmun-mohiyati va uni qo‘llash amaliyoti haqida so‘z yuritarkan, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda uning devoni xodimlariga ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish vakolatlari belgilanganligi, qanday toifadagi huquqbuzarliklar ular faoliyatiga taalluqli ekanini tushuntirib o‘tdi.
Shuningdek, mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiquvchi organlarning vakolatlari, ma’muriy huquqbuzarlik ishlarining taalluqliligiga oydinlik kiritilganligi bilan muhim ekanligi ta’kidlandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245, 245-8-moddalariga o‘zgartirish kiritildi.
Xususan, 245-8-modda quyidagicha tahrirlandi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga ushbu Kodeksning 43 (tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari qismida), 200-2 (tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari buzilishi qismida), 241-1; 241-4; 241-6; 241-8; 241-10-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar taalluqliligi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima tarzidagi ma’muriy jazolarni qo‘llashga uning o‘rinbosarlari va Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni bosh inspektorlari haqli ekani belgilandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi G‘ayrat Ergashev fuqarolarning sudga murojaati bo‘yicha qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida tushuntirib, aholini sudga murojaat qilishda o‘ziga yaqin bo‘lgan xududdagi sudga da’vo arizalarini topshirish bo‘yicha ham ma’lumot berdi.
Shuningdek, uchrashuvda tumanlararo sudi sudyasi Sharof Mo‘minov “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun xususida ham to‘xtalib o‘tdi. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, uning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish kabi masalalar aniq belgilab qo‘yilgan.
Mazkur Qonunda korrupsiya, ya’ni poraxo‘rlik, mansabdan foydalangan holda Qonunni suiiste’mol qilish, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, iste’dodli kadrlarni o‘sishiga to‘siq bo‘lish, inson huquqlarini buzish hamda ta’magirlik qilish kabi jirkanch holatlarga yo‘l qo‘yganlik uchun qat’iy jazo muqarrarligini aniq-ravshan ko‘rish mumkinligi ta’kidladi.
Shuni aytish mumkinki, bugungi globallashuv davrda davlat va jamiyatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga to‘siq bo‘lib kelayotgan “korrupsiya” deb atalmish salbiy illatning mavjudligi barchamiz uchun favqulodda holat deb baholanmog‘i kerak. Ushbu jirkanch illatga qarshi kurashishni nafaqat har bir davlat xizmatchisi balki, barcha fuqarolarimizning huquqiy ongi va madaniyatining tub negiziga singdirilishi biz uchun korrupsiyaning urug‘ini qurutish uchun olg‘a tashlangan muhim va asosiy qadam bo‘ladi.