Korrupsiya nima o‘zi va u nimadan boshlanadi?
Xalq tilida soddagina qilib – korrupsiya, deb ataluvchi hodisa barcha islohotlar ildiziga bolta urarkan, uni keltirib chiqaruvchi sabab va qarshi kurash choralarini bilishimiz lozim bo‘ladi.
Qonun hujjatlarida korrupsiya tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: «Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir».
Aslida korrupsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda o‘zining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir.
Iqtisodchi Berdxenning fikriga ko‘ra, makroiqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichiga eng katta salbiy to‘lqinni olib kiruvchi omil aynan korrupsiya hisoblanadi. Uning ko‘rinishlari turlicha bo‘lishi mumkin.
Korrupsiyaning kelib chiqish sabablarini aniqlash, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha mutaxassislar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilgan. O‘ziga xos reytinglar tuzilib, har xil ko‘rsatkich va raqamlar qayd etilgan jadvallar yaratilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil ko‘rinishidagi formulalari ham ishlab chiqilgan. Hanuzgacha, barcha millatlar uchun qo‘l keladigan qarshi kurashda asqotadigan yagona yechim yo‘q.
Tadqiqotchilar korrupsiyaning asosiy sabablari sifatida to‘rtta omilni ko‘rsatadilar.
Birinchisi – iqtisodiy sabablar. Bu haqda, muhtaram Prezidentimiz o‘zlarining chiqishlarida ko‘p marotaba so‘z yuritib keladi. Korrupsiyaning bu ko‘rinishi ijtimoiy va iqtisodiy hayotni bevosita ma’muriy yo‘l bilan boshqarishga intilgan hokimiyat va byurokratiyaning mavqei baland bo‘lgan davlat sharoitida rivoj topadi. Iqtisodiy faoliyatga nisbatan o‘rnatilgan turli xildagi cheklashlar, amaldorlarning keng, nazoratdan xoli, cheklanmagan yoki ruxsat berish, yoki taqiqlash vakolati korrupsiyaga zamin yaratadi. Shu bilan bog‘liq holda, yirik mablag‘larga ega bo‘lgan ayrim ishbilarmonlar o‘z daromadlarini ko‘paytirish maqsadida va raqobatda alohida imtiyozlarga ega bo‘lish uchun hukumat amaldorlarini pora evaziga sotib olib, ularni o‘z ixtiyorlariga bo‘ysundirishga intiladilar.
Ikkinchisi – huquqiy sabablar. Korrupsiyaning rivoji qonunlarning sifatiga bog‘liqdir. Mukammal bo‘lmagan qonunlar ishlamaydi va ayrim uddaburonlar bundan ustalik bilan foydalanadilar.
Uchinchisi – institusional sabablar bo‘lib, ularga avvalo, davlat boshqaruvi tizimidagi nuqsonlar, demokratik institutlarning kuchsizligi, shuning natijasida, hukumat faoliyatining yopiqligi yoki fuqarolik nazoratidan xoliligi kiradi.
To‘rtinchisi – ijtimoiy sabablar yoki jamiyatdagi muhit, aholining huquqiy bilimi, madaniyat darajasi, ma’naviyati, uyushqoqligi va jamoat faolligi pastligi kabi omillardir.
Xulosa shundaki, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ana shu hodisa yashab turgan jamiyat yaratgan tizimning nosog‘lom yashashida namoyon bo‘ladi.