Koronavirus: Jahonda choy yetkazib berish xavf ostida qoldi

Koronavirus: Jahonda choy yetkazib berish xavf ostida qoldi

Virus tarqalishi sababli Hindiston va Keniyada qabul qilingan cheklov choralari jahonda choy yetkazib berish hajmiga xavf solmoqda.

Hindistonda cheklov choralari 25 martdan 14 aprelgacha kiritilgandi, ammo seshanba kuni mamlakat bosh vaziri Narendra Modi cheklovlar 3 maygacha uzaytirilishini e’lon qildi.  

Qayd etilishicha, Assam va Darjiling hududlarida choy hosilini yig‘ib olish mavsumi boshlangan vaqtda iqtisodiy faoliyat to‘xtatilgan.  

"Biz ko‘p miqdordagi hosilni yo‘qotyapmiz. Aksariyat xo‘jaliklar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda", dedi Tea Board of India tashkiloti rahbari Prabxat Bezboruax.

Warren Tea kompaniyasi prezidenti Vivek Goyenkaning so‘zlariga ko‘ra, darjiling choyining birinchi hosili yo‘qotilgan, tez vaqt ichida faoliyat boshlanmasa, ikkinchi hosildan ham ayrilish mumkin.

Afrikadagi choy ishlab chiqaruvchi davlatlar, xususan Keniyada pandemiya bois mahsulotni plantasiyadan portlarga yetkazib berish izdan chiqqan, deb yozadi Minitec tahlilchisi Ibi Idoniboye.  

Keniya hukumati ham o‘tgan haftada uch haftalik cheklov choralari joriy etilishini e’lon qildi.

Inqirozga qadar choy ishlab chiqarish sohasi taklifning ko‘pligi va narxlar tushishi muammolariga duch kelgandi. Mart oyida Keniya, Hindiston va Shri-Lankada eksport narxlari keyingi 11 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi. Choy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar pandemiya sababli daromadning kamayishi vaziyatni yanada yomonlashtirishidan xavfsiramoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!