Koronavirus: AQShda yana bir jiddiy muammo

Koronavirus: AQShda yana bir jiddiy muammo

O‘tgan bir hafta ichida AQShda 6,6 million odam ishsizlik nafaqasi uchun ariza topshiribdi. Bu rekord ko‘rsatkich. Ya’ni koronavirus tufayli 5-10 kun ichida kamida olti million odam ishini yo‘qotgan. Ishsizlik nafaqasi uchun hujjat topshirganlarning jami soni ikki haftada 10 millionga yetdi. AQSh tarixida ishsizlik bo‘yicha bu darajada keskin o‘sish ilgari hech kuzatilmagan.

Ekspertlar fikricha, aslida raqamlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘plab hududlarda ishsizlik arizasini qabul qilish uchun qo‘ng‘iroq markazlariga (Call Center) bog‘lanishning ioji bo‘lmagan yoki saytlar traffik yuqoriligi bois ishlamay qolgan.

AQShda ishni yo‘qotish hayot-mamot masalasi. Chunki ko‘plab oilalarning har oy bir necha ming dollarlik doimiy xarajati bor: uy-joy ipotekasi yoki ijara to‘lovi, mashinaning kreditini to‘lash, kommunal to‘lovlar, shaxsiy iste’mol kreditlari, bolalarning maktab-bog‘chasi va hokazo. Ya’ni Amerikada ishni boy berish butunlay xonavayron bo‘lishni anglatadi: bir necha yillardan beri ipoteka krediti to‘lab kelinayotgan uyini, agar to‘lovlar amalga oshirilmasa, bank tortib oladi; natijada ko‘chada qoladi; boshqa to‘lovlarni ham vaqtida amalga oshirmasa, kredit tarixiga juda katta dog‘ tushadi. Bu degani, kelajakda uy-joy, mashina sotib olish uchun bankdan qarz ololmaydi yoki juda katta foiz bilan oladi.

Xullas, ishni yo‘qotish Amerikada oila uchun eng katta fojia. Kongress qabul qilgan 2,2 trillion dollarlik yordam dasturida ishsizlarga nafaqa berish belgilangan, ammo faqat to‘rt oygacha. Agar to‘rt oy ichida iqtisodiyot o‘nglanib, bu odamlar o‘ziga ish topa olmasa, butunlay ko‘chada qolishi mumkin yoki Kongress yangi yordam dasturini qabul qilishiga to‘g‘ri keladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!