Konstitusiya – baxtimiz qomusi (FOTOGALEREYa)

Konstitusiya – baxtimiz qomusi (FOTOGALEREYa)

Uchtepa tumanidagi 193-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlab “Konstitusiya – baxtimiz qomusi” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Unda tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi vakillari, huquq-tartibot idoralari xodimlari, o‘qituvchi va murabbiylar hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan Uchtepa tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri O‘.Qurbonov va boshqalar konstitusiya – bu, istiqlol va mustaqil O‘zbekiston ramzi, g‘urur-iftixori, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, dini, irqi, tilidan qat’i nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyatimiz istiqbolini aniqlab beruvchi dasturilamal hujjat ekanini ta’kidladilar.

“Yurtimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarda Konstitusiyamizning o‘rni beqiyos. Chunki Konstitusiya qomusiy hujjat sifatida davlatning asosiy qonuni hisoblanadi. Bosh qomusimizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”, deb belgilab qo‘yilgan”, – deydi O‘.Qurbonov.   

 “Konstitusiya hayot yo‘limizni yoritib turuvchi mayoqdir. Nega deganda Asosiy qonunimiz barcha sohalar qatori ta’lim tizimini ham sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarimizni Bosh qomusimizni yanada chuqur o‘rganishga undashdan iborat bo‘ldi. Zero, Konstitusiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog‘i lozim”, – deydi 193-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori N.Gafurova.

Tadbirda o‘quvchi yoshlarga, har qanday me’yoriy-huquqiy hujjat konstitusiyaga asoslanishi, ya’ni konstitusiya barcha qonun hujjatlarining asosi, manbai hisoblanishi tushuntirildi.

“Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir, – deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Salohiddin Kahhorov. – Bizning ta’lim olishimiz ham Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan. Shu bois har birimiz Konstitusiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab olishimiz kerak”.

Tadbirda o‘kuvchi yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

 

Surayyo Usmonova,
Uchtepa tumanidagi
193-sonli umumiy o‘rta ta’lim
maktabi o‘qituvchisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!