Kisva — Ka’ba yopinchig‘i haqida nima bilamiz?

Kisva — Ka’ba yopinchig‘i haqida nima bilamiz?

Muqaddas Ka’ba ustiga yopiladigan yopinchiq kisva (yoki ka’bapo‘sh) Baytullohga ko‘rsatiladigan e’tiborning alohida ko‘rinishlaridan sanaladi.

Ka’bani yopinchiq bilan o‘rashga sabab bo‘lgan voqea

Qadimgi manbalarga ko‘ra, Ka’bani ilk bor kisva bilan yopgan inson Ismoil alayhissalom hisoblanadi. Boshqa manbalarda esa Hijriy yil hisobi boshlanishidan 220 yil avval Madinani istilo qilgan Yaman shohi Tubba al-Xumoriy Makkaga kelib, Ka’bani palma shoxlaridan to‘qilgan bo‘yra bilan o‘rab chiqishga buyruq bergan. Yana bir boshqa manbada keltirilishicha, Ka’bani ilk bor payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ning katta bobosi Adnan o‘ragan ekan. Bu an’anaga hukumat tepasiga Husayn ibn Xilabu kelgunga qadar, bir necha asr amal qilingan. U qabila boshliqlariga har yili Ka’ba yopinchig‘ini yangilashga buyruq bergan. Qaysi asrdan boshlab Ka’ba matoli yopinchiq bilan o‘ray boshlanganini hech kim aniq ayta olmaydi. Taxminlarga ko‘ra, Makkani egallab olishga qaror qilgan bir adolatsiz hukmdor Makkani matoli yopinchiq bilan o‘rashga buyruq bergan ekan. Manbalarga ishonadigan bo‘lsak, o‘sha paytdagi arab qabilalarining ba’zi boshliqlari unga: Agar Ka’bani qo‘lga kiritadigan bo‘lsang, uning ichidagi behisob xazinaga ega bo‘lasan , deb aytishgan. Bunga ishongan u hukmdor Makka va Madinaga hujum qilishga qaror qiladi. Shunda odamlar Allohga nola qilib, bu hukmdorning boshiga Abraha al-Ashramning kunini solishni so‘raganlar. So‘ngra, u hukmdorning qo‘shinlari Makka yaqiniga kelib, uni ishg‘ol qilishga shaylanishganda, atrofni birdan zulmat qoplagan, qo‘shinlar mingan ot va tuyalar Makka tarafga yurishni xohlamay, yerga yotib olganlar. Shunda o‘sha hukmdor bu bo‘layotgan ishlarning sababini bilolmay, ilmli odamlarga murojaat qilgan. Shunda olimlar: Balki siz Makkani bosib olib, Ka’baga ziyon yetkazishni maqsad qilgandirsiz? deb so‘rashgan. Hukmdor: Ha, shunaqa niyatim bor deb javob bergan. Shunda ulamolar unga: Agar sen shu niyatingdan voz kechsang, Alloh seni kechiradi deb maslahat berishgan. U adolatsiz hukmdor Makkaga borgandan so‘ng qurbonlik qilib, Ka’bani chiroyli yopinchiq bilan o‘rashga va’da bergan va bu va’dasining ustidan chiqqan. O‘sha paytda Yaman matolari juda qadrlangan. U hukmdor qimmatbaho Yaman matolariga buyurtma berib, undan Ka’ba uchun yopinchiq tayyorlashlariga buyruq bergan. Shu voqea sabab, Ka’bani yopinchiq bilan o‘rash an’ana tusiga kirgan.

Yopinchiq sotilganmi?

Islom dini kirib kelishi bilan qurayshiylar Ka’bani o‘rash an’anasini yangiladilar. Qurayshiylarning yo‘lboshchisi Abu Robiya Ka’bani o‘z mablag‘lari hisobidan bir yil o‘rashga qaror qiladi, keyingi yili esa buni qurayshiylarning boshqa vakili qilishi kerak bo‘ladi.

Ka’bani o‘rash nafaqat erkaklar, balki ayollarning ham vazifasi bo‘lgan. Ishonchli manbalarda keltirilishicha, Abbosning onasi Nabil bint Hubob ham Ka’bani o‘rash jarayonida ishtirok etgan. Shuningdek, Oysha roziyallohu anhu onamiz Ka’bani yangi yopinchiq bilan o‘rash yakuniga yetganidan so‘ng, eski yopinchiqni sotishga buyurgan. Oysha roziyallohu anhu sahobalar davridagi eng aqlli ayollardan biri ekanini va boshqa sahobalarning ham roziligini hisobga olib, Oysha roziyallohu eski kisvani sotish va undan tushgan mablag‘larni Masjid ul-Haramning ehtiyojlari uchun ishlatishga buyruq bergan. Uning bu qarorini barcha sahobalar qo‘llab-quvvatlaganlar. Oysha roziyallohu anhuga qadar hech kim kisvani sotish taklifi bilan chiqmagan. Shu voqeadan so‘ng eski kisva sotilishi yo‘lga qo‘yilgan va uni sotishdan olingan mablag‘lar Masjid ul Xaramning ehtiyojlari uchun sarflanadigan bo‘lgan. Biroq agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xalifa Umar ibn Abdulaziz davrida musulmonlar o‘ziga to‘q bo‘lishgan, davlat g‘aznasi ham nisbatan boyigan. Davlat Masjid-ul-Haramning barcha xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan. Shundan keyin eski kisva odamlarga muqaddas hadya sifatida bepul tarqatiladigan bo‘lgan.

Rangi nega qora?

Ka’ba yopinchig‘i ranglari turli davrlarda turlicha bo‘lgan. Abbosiylar xalifasi An-Nasr hukmronligi davrida, Ka’bani faqat sariq iplar bilan kashta solingan qora rangdagi yopinchiq bilan o‘rash kerak bo‘lgan. Qadimda Ka’ba yopinchig‘i asosan oq rangli bo‘lgan. Keyinroq u qora kisva bilan o‘raladigan bo‘lgan. Tarixda kisva turli rangda bo‘lgan holatlar ham uchraydi. Hozir u faqat qora mato bilan o‘raladi. Bu an’ana abbosiylar hukmdorlari paytidan urfga kirgan, chunki abbosiylarning bayrog‘i qora rangda bo‘lgan.

Yopinchiq haqida

Ka’ba yopinchig‘ining balandligi 14 metrga yetadi. Uning yuqori qismida eni 95 sm, uzunligi 47 m. bo‘lgan matoda Qur’on oyatlari yozilgan. Mato 16 qismga ajratilgan. Ularning har biri turli islomiy naqshlari bilan bezatilgan. U matoning quyi qismi esa Qur’on oyatlari bilan to‘ldirilgan. Oyatlar orasidagi bo‘sh joylarga esa Ya Hayy (Ey tirik zot!), Ya Qayyum (Ey barcha joyda mavjud zot), Ya Rahim (Ey Mehribon zot), Ya Rahmon (Ey rahmli zot), Al-hamdulillah ul-Rabbiyl Olamiyn (Butun olamlarning Egasi Allohga hamd-sanolar bo‘lsin) kalimalari tushirilgan.

Tilla va kumush iplar bilan Qur’on oyatlari mohirlik bilan kashta qilib tushirilayotgan bu mato bilan Ka’ba to‘liq o‘raladi. Shuningdek, Ka’ba eshiklari yopinchig‘i ham ipakning alohida navidan to‘qiladi. Uning balandligi 6,5 metrni, eni 3,5 metrni tashkil qiladi. Yopinchiqning bu qismida Qur’on oyatlari bilan bir qatorda alohida islomiy naqshlarni ko‘rish mumkin. Barchasi tilla va kumush ipli kashta bilan bajarilgan.

Ka’ba yopinchig‘i besh asosiy qismdan iborat: to‘rtta devorga to‘rtta yopinchiq va Ka’ba eshigining yopinchig‘i.

Kisva dastlab Zamzam suvida yuviladi, mushki anbarlar bilan chayiladi va quritiladi. Ka’baga o‘ralishidan avval unga eng qimmatbaho muattar mushklar sepib chiqiladi. Har yili Zulhijja oyining 9-kuni bomdod namozidan so‘ng Ka’ba o‘zining yangi libosiga burkanadi. Muqaddas Ka’baga yangi kisva qoplanmaguncha, eskisi olib tashlanmaydi.

Ma’lumot uchun

Makka shahrida Ka’ba yopinchig‘i kisvaning ko‘rgazmasini tashkil qilish an’anaga aylangan. Unda kisvani tayyorlashda ishlatiladigan uskunalar, mato va ipak mahsulotlari namoyish etiladi. Ka’ba yopinchig‘ini tayyorlash uchun Saudiya Arabistoni hukumati 1927 yilda alohida ustaxona tashkil qilgan. Ustaxonada 240 hunarmand va texnik mutaxassislar mehnat qiladi. Hozirgi kunga kelib kisva tayyorlashga 17 million saudiya riyoli (4,5 million dollar) sarflanadi. Kisvaning oltin iplar bilan naqshlar solib tikiladigan matosining o‘ziga 450 kg.dan ziyod ipak ishlatiladi. Har yili ikkita kisva tayyorlanadi. Biri Ka’baning ustiga yopilsa, ikkinchisi, har ehtimolga qarshi saqlab qo‘yiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!