Kelgusi yildan jamoat transportida fast-fud reklamasi taqiqlanadi

Kelgusi yildan jamoat transportida fast-fud reklamasi taqiqlanadi

2019 yildan boshlab Londondagi jamoat transportida zararli oziq-ovqat mahsulotlari reklamasi taqiqlanadi. Mazkur qarorni shahar meri Sodiq Xon ham qo‘llab-quvvatlagan, deb yozadi The Guardian nashri.

Jumladan, ko‘plab shirin ichimliklar, gamburger, shokoladli batonchik va sho‘r yong‘oqlar reklamasi taqiqlanadi. Taqiq London metropoliteni, barcha turdagi yerusti shahar transportini o‘z ichiga olgan Transport for London tarmog‘i, London River Services suv yo‘nalishlari kabilarga joriy etiladi. Fast-fud tarmoqlari o‘z restoranlari haqidagi reklamalarni faqatgina sog‘lom taomlarni nazarda tutgandagina berishlari mumkin. Mayiz, shakarsiz ichimliklar, tuzsiz yong‘oqlar shular jumlasidandir.

Reklama industriyasi vakillari esa mazkur g‘oyani tanqid qilib chiqdi. Ularning fikricha, bu o‘zi shunday ham moliyaviy inqirozga duch kelayotgan transport tizimlarini o‘n millionlab daromaddan ayiradi. Sababi ana shunday oziq-ovqatlar reklamasi birgina birgina Transport for London tarmog‘iga yiliga 35 mln. funt sterling keltirar ekan.

Britan teleindustriyasi ham fast-fud reklamasi bilan bog‘liq cheklovlardan aziyat chekishi mumkin. Sababi bu tijoriy TV-sanoati yillik byudjetini 200 mln. funtgacha qisqartirib yuboradi.

Cheklovlar bo‘yicha qaror nega qabul qilinyapti? London jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 10-11 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 37 foizi ortiqcha vaznga ega yoki semizlikdan qiynalmoqda. London meri bu muammoni “sekin harakatga keluvchi bomba” deb atagan.

Shuning uchun Sodiq Xon shu yil may oyidayoq tarkibida yog‘, shakar va tuz miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar reklamasini cheklamoqchi ekanligini bildirgan edi. Mazkur g‘oya esa London jamoatchiligining aksariyat qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlangach, so‘nggi qaror qabul qilindi.

Shu kabi cheklovlarni Tumanli Albionning boshqa hududlariga ham joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!