Karantin qoidalarini buzganlar xorijda qanday jazolanadi?

Karantin qoidalarini buzganlar xorijda qanday jazolanadi?

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, agarda siz karantin qoidalarini buzsangiz 1000 AQSh dollarigacha jarimaga tortilishingiz mumkin yoki bir yildan ko‘p bo‘lmagan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin yoki ikkalasi ham qo‘llanilishi mumkin.

Fransiyada karantin qoidalarini buzuvchilar soni keskin oshib ketdi. Tadqiqotchilarning ayrimlari bunga berilayotgan sanksiyaning kuchsizligini asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda. Avvaliga 35 yevroni tashkil qilgan jarima miqdori hozirda 135 yevroga ko‘tartirilgan. Fransiya Ichki ishlar vaziri Kristof Kastanerga ko‘ra, birinchi kundanoq 4 mingdan ortiq fuqaro jarimaga tortilgan. Agar holat shunday davom etsa, jarima summasi oshirilib 375 yevro qilib belgilanishi mumkin.

Norvegiyada qasddan yoki o‘ta ehtiyotsizlik oqibatida karantin qoidalarini buzadigan bo‘lsangiz sizga jarima yoki 6 oygacha qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin. Avvallari ushbu dispozisiyaning sanksiya qismi og‘irroq edi. Bu holat ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi va jazo liberallashtirildi.

Italiya Hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, karantin davrida 8 kun ichida 50 mingdan ortiq huquqbuzarlik holatlari qayd etilgan. Italiyada asossiz ko‘chada yurgan fuqarolarga 206 yevro miqdorida jarima solinmoqda. Hukumat shuningdek, karantin qoidalarini buzgan shaxslarni 3 oygacha qamoq jazosi bilan jazolashini aytmoqda. OAVlarga ko‘ra, Italiya aholisi korovirus bilan kasallangan davlatlar ichida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Hozirda COVID-19 bilan kasallangan bemorlar soni 59138 nafarni tashkil qilmoqda. Vafot etganlar soni esa 5560tani tashkil qiladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, belgilangan sanitariya-epidemiologiya qoidalarini qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida buzish ommaviy zaharlanish yoki boshqa jiddiy oqibatlarga olib kelsa, 6 toifadagi jarima jazosi yoki ikki yilgacha muayyan lavozimni egallash, muayyan huquqdan mahrum etish jazolari tayinlanishi mumkin. Voyaga yetmaganlar uchun jarima miqdori 120 mingdan 140 ming somgacha, boshqa jismoniy shaxslarga esa 260 ming somdan 300 ming somgacha belgilangan.

Qozog‘iston qonunchiligiga qaraydigan bo‘lsak, sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining talabini bajarmaslik, oylik hisoblash indeksining 500 barobar miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan sanitariya-epidemiologiya nazorati talablarini bajarmaganlik uchun 5 million tengegacha jarima solinishiga olib keladi. Agar bunday harakatlar oqibatida kasallik ommaviy zararlanishga olib keladigan bo‘lsa, oylik hisoblash indeksining 2 ming barobar miqdorida jarima solinishi yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lishga olib keladi.

Rossiya Federasiyasi qonunchiligiga ko‘ra, sanitariya-epidemiologiya qoidalarini buzish odamlarning ommaviy zararlanishiga olib kelsa, 80 ming rublgacha jarima, 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki muayyan lavozimda ishlash, 360 soatgacha majburiy mehnatga jalb qilish yoki bo‘lmasa bir yilgacha ozodlikni cheklash jazosi berilishi mumkin. Ya’ni Rossiya qonunchiligida alternativ jazo turi ko‘p. Bu holat odam o‘limiga sabab bo‘lsa, 480 soatgacha majburiy ishga jalb etish, 6 oydan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga yuborilishi yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!