«Kamolon» mahallasida erini o‘ldirgan 24 yoshli kelin va uning jazmaniga sud hukmi o‘qildi

«Kamolon» mahallasida erini o‘ldirgan 24 yoshli kelin va uning jazmaniga sud hukmi o‘qildi

2019 yilning oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning «Kamolon» mahallasida 26 yoshli yigit 24 yoshli rafiqasi tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bunga yigit rafiqasini so‘kib haqorat qilgani va u bilan ajrashmoqchi ekanini aytgani, ayol buning uchun o‘ch olmoqchi bo‘lgani sabab ekani ma’lum qilingandi.

Holat yuzasidan 5 oktyabr kuni Toshkent shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tezkor-tergov harakatlarida, Kamolaxon A. turmush o‘rtog‘i Abbos A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi Otabek H. bilan jinoiy til biriktirgani ma’lum bo‘lgan. Jinoiy rejalarini amalga oshirishda Otabek H. 4 oktyabr kuni soat taxminan 19:00 da Abbos A.ning uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkinib, Kamolaxon A. bilan birga Abbos A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutgan. Otabek H. 5 oktyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 3:00 da Abbos A.ni uxlagan deb o‘ylab, yotoqxonaga kirgan, biroq Abbos A. uyg‘oq bo‘lgani sababli uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarba bergan, so‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlagan. Natijada Abbos A. O‘ziga bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtda Kamolaxon A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuziga yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitib, Abbos A.ni qasddan o‘ldirgan.

5 oktyabrda yuz bergan qotillik bo‘yicha tergov harakatlaridan keyingi jinoiy sud jarayoni ham yakuniga yetdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘tgan sud majlisida marhumning oila a’zolari ham ishtirok etgan. Sudda Otabek H.ga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, turmush o‘rtog‘ini o‘ldirishda ishtirok etgan Kamolaxon A.ga esa 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!