Hindiston AQSh elchisini chaqirtirdi
Ummon sohillari yaqinida bortida 24 nafar hind dengizchisi bo‘lgan kemaga AQSh harbiylari tomonidan zarba berilgach, Hindiston AQShning Nyu Dehlidagi elchixonasi yuqori martabali vakilini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirdi. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, AQSh elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari Jeyson Miks bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 10 iyun kuni Ummon ko‘rfazi orqali Eron neftini tashiyotgan, Palau bayrog‘i ostida harakatlangan Settebello tankeriga aniq zarba berganini ma’lum qilgan. AQSh tomoni kemaning ekipaji harbiylarning ko‘rsatmalariga bo‘ysunmaganini iddao qilmoqda.
Britaniyaning dengiz savdosi operasiyalari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kimyoviy mahsulotlar va neft tashishga mo‘ljallangan tanker Ummonning Sohar portidan taxminan 37 kilometr shimoli-sharqda dvigatel bo‘limida yong‘in chiqqanini xabar bergan.
Favqulodda signalga javoban Ummon harbiy-dengiz kuchlari qutqaruv ishlarini boshlagan.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi 24 nafar dengizchidan 21 nafari qutqarilganini, yana uch nafar hind fuqarosi bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi. Rasmiy Nyu Dehli hodisani qoralab, mintaqada fuqarolik infratuzilmasi va tijoriy kemalarga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi.
“Ummondagi elchixonamiz vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va qidiruv-qutqaruv amaliyoti bo‘yicha Ummon hukumati bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Mintaqadagi tijoriy kemalar va fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan hujumlar to‘xtatilishi kerak”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Nashrning ta’kidlashicha, hodisa AQShning Eronga qarshi dengiz blokadasi atrofidagi huquqiy va axloqiy bahslarni yanada kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, ekspertlar fikricha, bu voqea so‘nggi o‘n yilliklardagi eng murakkab davrni boshdan kechirayotgan Hindiston–AQSh munosabatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Muxolifat partiyalari Hindiston hukumatidan Vashingtonga nisbatan qat’iyroq pozisiya bildirishni talab qilmoqda.
