Yaponiya imperatorlik oilasi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritadi
Yaponiya parlamenti Imperatorlik oilasi to‘g‘risidagi qonunni isloh qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni yakunladi. Mamlakat ushbu qonunga o‘nlab yillar ichida birinchi marta o‘zgartirish kiritadi, deb xabar beradi Kyodo axborot agentligi.
Hujjat ikkala palataning barcha 13 ta siyosiy partiyasi va fraksiyalari ishtirok etgan partiyalararo maslahatlashuvlardan so‘ng tayyorlangan. Uni quyi palata spikeri Eysuke Mori bosh vazir Sanae Takaitiga taqdim etdi.
Tuzatishlar 17 iyulgacha qabul qilinishi rejalashtirilgan. Takliflar ikkita asosiy o‘zgarishni o‘z ichiga oladi.
Birinchisi - imperator oilasi a’zosi bo‘lgan ayollarga oddiy fuqaroga turmushga chiqqandan keyin ham o‘z maqomini saqlab qolishga ruxsat berish. Amaldagi 1947 yilgi qonunga ko‘ra, ular turmush qurgan paytdan boshlab avtomatik ravishda bu maqomni yo‘qotadilar.
Shu bilan birga, ularning turmush o‘rtoqlari va farzandlariga imperatorlik maqomini berish-bermaslik masalasi ochiq qolmoqda.
Ikkinchi taklif — imperator sulolasining 11 tarmog‘idan erkaklar avlodi bo‘lgan imperatorlarning avlodlari hisoblangan erkaklarni asrab olishga ruxsat berish.
Biroq, islohotning cheklovlari ham bor. Ya’ni, asrab olingan odamlar taxtga merosxo‘r bo‘lish huquqiga ega bo‘lmaydi va ayolning taxtga o‘tirish imkoniyati masalasi hujjatda ko‘rib chiqilmagan. Taxtga vorislik masalasi Yaponiyada ayniqsa dolzarbdir.
Hozirda 66 yoshli imperator Naruxitoning atigi uchta merosxo‘ri bor: uning ukasi valiahd shahzoda Fumixito (60 yoshda), jiyani shahzoda Xisaxito (19 yoshda) va ukasi shahzoda Xitati (90 yoshda).
Quyi palata spikerining o‘rinbosari Keyiti Isiining so‘zlariga ko‘ra, taxtni Xisaxitoga topshirish rejasi «o‘zgarmas tamoyil» bo‘lib qoladi, merosxo‘rlikning undan keyingi tartibi esa kelajakda muhokama qilinadi.
Hukumat va muxolifat partiyalaridagi yetakchi partiyalarning ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kelishilgan taklifiga asoslanib, hukumat qonunga tuzatishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlashni boshlaydi.
