JSST hantavirusda xavfli mutasiya alomatlarini aniqlamadi
Genetik tahlillar va avvalgi namunalar bilan solishtirishlar virusning osonroq yuqa boshlagani yoki kasallikning og‘irroq kechishiga sabab bo‘layotgani belgilarini hozircha aniqlamadi, deb bayonot berdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti eksperti Mariya Van Kerkxove.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, "Hondius MV" kruiz kemasiga hantavirusning Janubiy Amerikaga xos bo‘lgan muqobili – "Andes" shtammi olib kirilgan. U odatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kemiruvchilardan, masalan, changdagi tezak zarrachalari orqali yuqadi.
Ekspertlarining taxmin qilishicha, birinchi bo‘lib kasallangan bemor, niderlandiyalik yo‘lovchi — Argentinada kemaga chiqishdan oldin, Janubiy Amerikaning quruqlikdagi hududida virusni yuqtirib olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u kruizdan oldin qushlarni kuzatish paytida kemiruvchilarni ushlagan bo‘lishi mumkin.
Genetik tahlil qolganlarning zararlanishi, ehtimol, odamdan odamga yuqish orqali sodir bo‘lganini ko‘rsatdi. Niderlandiyalik fuqaro va uning rafiqasi, shuningdek, "Hondius MV" kemasining Germaniyadan bo‘lgan yana bir yo‘lovchi ayoli vafot etdi. Umumiy hisobda 10 kishi virusni yuqtirgan, ulardan 8 ta holat laboratoriya sharoitida tasdiqlangan. Kemada 150 ga yaqin kishi bo‘lgan va ular hozirda karantinga olingan, kasallikning yashirin davri 40 kundan ortiq davom etishi mumkin.
"Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, ushbu kasallik tarqalishi tez orada bartaraf etilishi ehtimoli juda yuqori. Buning ustiga, kemadagi barcha turistlar sog‘liqni saqlash tizimi rivojlangan sanoatlashgan davlatlardan kelgan.
Hozirda ularning barcha aloqada bo‘lgan shaxslari aniqlanmoqda va karantin choralari ko‘rilmoqda, shu sababli bu epidemiya to‘xtatiladi deb hisoblayman", — deya avvalroq DW nashriga bayonot bergan edi Galvestondagi Texas universiteti Tibbiyot bo‘limi virusologi Aleksandr Bukreev.
