O‘zbekiston delegasiyasi “Women in Tech Global Summit 2026”da ishtirok etdi
Har yili o‘tkaziladigan “Women in Tech 2026” sammiti Afrikaning eng yirik texnologik xablaridan biri hisoblangan Keyptaun shahrida (Janubiy Afrika Respublikasi) bo‘lib o‘tdi. Bu galgi tadbir dunyoning 60 mamlakatidan 700 dan ortiq ishtirokchini, xususan, xalqaro tashkilotlar, texnologik kompaniyalar, davlat sektori, startap-ekotizimlar va “Women in Tech” global hamjamiyati vakillarini birlashtirdi.
Uch kun davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, ta’lim, texnologik diplomatiya va barqaror rivojlanish kelajagini muhokama qilishdi. Inklyuzivlik, liderlik, raqamli tenglik va ayollarning global innovasion kun tartibini shakllantirishdagi o‘rni kabi masalalar sammit ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, kiberxavfsizlik, investisiyalar va ta’lim transformasiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Sammit dasturidan plenar muhokamalar, amaliy sessiyalar, sun’iy intellekt masalalariga bag‘ishlangan Oksford munozaralari, shuningdek, liderlik, kasbiy rivojlanish va tadbirkorlikka bag‘ishlangan mavzuga oid yo‘nalishlar o‘rin oldi.
“Women in Tech” — bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan, dunyoning 65 mamlakatida 500 mingdan ortiq ishtirokchilarni birlashtirgan global hamjamiyat hisoblanadi. Tashkilot Fransiya prezidenti homiyligida faoliyat yuritib, ta’lim, biznes, raqamli inklyuziya va xalqaro ambassadorlik yo‘nalishlarida tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston delegasiyasi sammit sessiyalari hamda yoshlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va texnologik diplomatiyaga bag‘ishlangan tashabbuslarda faollik ko‘rsatdi.
Director” yangi muhim lavozimda faoliyat yuritayotgan Anna Ambrozevich O‘zbekistonni xalqaro maydonda namoyon qildi hamda sammit yosh delegatlari uchun maxsus maydon — “Youth Lab” tashkilotchisi sifatida ishtirok etdi.
“Youth Lab” doirasida xalqaro ekspertlar ishtirokida sun’iy intellekt, liderlik, soft skills (muloqot va shaxsiy rivojlanish ko‘nikmalari) va yoshlarning raqamli dunyodagi kelajagiga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, raqamli kompetensiyalar, xalqaro hamjamiyat va yangi avlod liderlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan global “Youth Ambassadors” dasturi taqdim etildi.
Dasturning alohida qismi sifatida #IamRemarkable sessiyasi o‘tkazildi. U o‘ziga bo‘lgan ishonchni rivojlantirish, o‘zini namoyon etish ko‘nikmalari va shaxsiy yutuqlarni e’tirof etish mavzulariga bag‘ishlandi.
O‘zbekistondagi eng yirik IT-hamjamiyat asoschisi Shavkat Karimov “IT Community Roadshow” taqdimotini namoyish qildi. Ushbu yirik loyiha “IT Community of Uzbekistan” tomonidan amalga oshirilib, mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Tashabbus doirasida yetakchi IT-kompaniyalar ekspertlari yosh mutaxassislar uchun IT sohasida karyera qurish, orzuidagi ishni topish yoki o‘z startapini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha leksiya va master-klasslar o‘tkazadi.
“Women in Tech Uzbekistan” ushbu loyiha doirasida qizlar uchun kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini yaratmoqda, ularni hamjamiyatning xalqaro tashabbuslari bilan tanishtirmoqda hamda IT-sanoatida ta’lim va karyera yo‘nalishlarini shakllantirishga ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston delegasiyasining “Women in Tech Global Summit”dagi ishtiroki “IT Park Uzbekistan” ko‘magida tashkil etildi.
