Italiya tashqi ishlar vaziri: "Hormuz blokadasi global iqtisodiy zarbadir"
Italiya uchun Hormuz bo‘g‘ozining blokadasi nafaqat mintaqaviy inqiroz, balki muqarrar ravishda energiya xavfsizligi, sanoat raqobatbardoshligi va xalqaro iqtisodiy vaziyatga ta’sir qiladigan global zarbadir.
Bu haqda Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani tomonidan Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida chop etilgan maqolada aytilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hormuzning blokadasi ham mintaqadagi mamlakatlar, ham eksportga yo‘naltirilgan Italiya uchun jiddiy xavf tug‘diradi (eksport mamlakat yalpi ichki mahsulotining taxminan 40 foizini tashkil qiladi).
"Hormuz bo‘g‘ozi global savdo uchun strategik markaz sifatida tanilgan: global neft ta’minotining taxminan 20 foizi, suyultirilgan tabiiy gaz eksportining chorak qismi va xalqaro ta’minot zanjirlari uchun zarur bo‘lgan xom ashyoning katta qismi u orqali o‘tadi. Savdo yo‘llaridagi noaniqlik va energiya narxlarining ko‘tarilishi allaqachon Yevropa uy xo‘jaliklari va biznesiga ta’sir ko‘rsata boshladi. Global savdoning pasayishi va tariflarning ta’siriga qaramay, Italiya eksporti 2025 yilda 3,3 foizga o‘sdi, bu dengiz yo‘llarining barqarorligi milliy iqtisodiyot uchun qanchalik muhimligini tasdiqlaydi", deb ta’kidladi tashqi ishlar vaziri.
Tayani global o‘g‘it eksportining taxminan 30% Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishini ta’kidladi, "va bu o‘g‘itlar ko‘plab zaif iqtisodiyotlarning oziq-ovqat xavfsizligi uchun juda muhimdir".
Vazir shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal qilishga yordam berish uchun Vashington va Tehron bilan aloqalarni saqlab qolganini eslatdi.
"Diplomatik jihatdan men yaqinda Rimda uchrashgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan muntazam aloqada bo‘lib turdim. Biz transatlantik aloqalarni saqlab qolish va xalqaro tinchlik va barqarorlik uchun birgalikda ishlash zarurligi haqida kelishib oldik. Men Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi bilan muloqotimni davom ettirdim, Tehronning yaxshi niyat bilan muzokara olib borishi va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni qayta tiklashi, shu bilan birga Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ijobiy munosabatlarni tiklashi zarurligini ta’kidladim. So‘nggi haftalarda men Xitoyga ham tashrif buyurdim, u yerda tashqi ishlar vaziri Vang I bilan uchrashdim va Pekinni Tehron bilan vositachilik qilishda faolroq rol o‘ynashga chaqirdim", deya qo‘shimcha qildi u.
