O‘zbekiston turizmida yangi bosqich: 2030 yilgacha 20 million sayyoh va 6 milliard dollarlik eksport maqsad qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 noyabrdagi PQ-348-sonli qaroriga muvofiq Turizm qo‘mitasi faoliyati tashkil etildi hamda 2030 yilgacha sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Mazkur maqsadlar qatorida turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga olib chiqish va turizm xizmatlari eksportini 6 milliard AQSh dollaridan oshirish vazifalari belgilangan.
Joriy yil 15 yanvar kuni Prezidentga turizm sohasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etildi. Shu asosda respublika ishchi guruhlari hududlarga chiqib, 1500 dan ortiq tadbirkor bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ko‘tarilgan 200 dan ziyod taklif va muammolarning asosiy qismi 2026 yil 30 apreldagi PQ-161-sonli qarorga kiritildi.
Qarorga muvofiq, 2026–2027 yillarda turizm va unga yondosh sohalarda 40 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, turizmni loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, “jozibador manzil – loyiha – infratuzilma – tadbirkor – targ‘ibot – sayyoh” zanjiri asosida ishlash mexanizmi joriy etiladi.
Bu doirada 34 ta yirik turizm ob’ekti uchun master-rejalar ishlab chiqiladi va 31 ta yangi turizm maskani tashkil etiladi. Qoraqalpog‘istondagi “Qipchoq baliqchilar ovuli” loyihasi shular jumlasidan.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun joriy yilda 950 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu mablag‘lar yo‘llarni ta’mirlash, elektr va suv tarmoqlarini tortish, sohillar va jamoat joylarini obodonlashtirishga sarflanadi.
Shu bilan birga, joylashtirish vositalari soni 8250 taga, xonalar soni esa 95 mingtaga yetkaziladi. Mehmonxonalar soni 1380 tagacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Turizm qo‘mitasi huzurida “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” tashkil qilinib, ziyorat, ekologik, gastronomik, tibbiy, sport va MICE turizmi kabi yo‘nalishlar rivojlantiriladi.
Shuningdek, mahalliy va xorijiy turoperatorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun kompensasiya mexanizmlari joriy etiladi. Turistlar fikrini o‘rganish maqsadida yiliga ikki marta tanlanma kuzatuvlar o‘tkaziladi.
Milliy turizm yagona platformasi — sayohat.uz orqali mehmonxona, gid, restoran, transport va boshqa xizmatlar reytingi shakllantiriladi.
2026 yil 1 dekabrdan boshlab gidlar uchun sertifikatlash va malaka baholash tizimi joriy etiladi. Ekskursiya xizmatlari bo‘yicha yagona tasdiqlangan matnlar ham ishlab chiqiladi.
So‘nggi to‘rt oyda O‘zbekistonga 4 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Turizm xizmatlari eksporti esa 1,6 milliard dollarga yetdi.
Xitoydan kelgan sayyohlar soni 3,5 barobarga, Malayziyadan 2,2 barobarga, Yaponiyadan 1,6 barobarga oshgan. Shuningdek, AQSH, Fransiya, Britaniya, Ispaniya, Turkiya va Germaniyadan keluvchilar soni ham o‘sgan.
O‘zbekistonning turizm salohiyati “The Washington Post”, “The Telegraph” va “Condé Nast Traveler” kabi nufuzli xalqaro nashrlar tomonidan 2026 yilning istiqbolli yo‘nalishlari qatoriga kiritildi.
