Insoniyat yirik iqlim falokati xavfi ostida
Insoniyat yirik iqlim falokati xavfi ostida – WP.
Nashrning yozishicha, olimlar bundan 150 yil avval o‘n millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan yangi "El Nino" siklini kutishmoqda.
"El Nino" — bu Tinch okeani tropik zonasining sharqiy-markaziy qismida okean suvlarining ilishi bo‘lib, u har bir necha yilda sodir bo‘ladi. Bu yil u yerda okean harorati o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3 darajaga ko‘tarilishi va rekordlarni yangilashi mumkin.
The Washington Post'ning eslatishicha, bundan qariyb 150 yil muqaddam iqlim o‘zgarishlari hosilni yo‘q qilgan. Bu esa shunga o‘xshash zarba yana global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solishi mumkinmi, degan savolni yuzaga keltiradi.
Olimlar kuzatuvidagi eng kuchli "El Nino" hodisasi (1877–1878 yillar) Hindiston, Xitoy, Braziliya va boshqa mamlakatlarda 50 milliondan ortiq odamning umriga zomin bo‘lgan global ochlikka zamin yaratgan edi. Bu o‘sha paytdagi sayyora aholisining 3–4 foizini tashkil etgan. Agar bu holat bugun yuz bersa, kamida 250 million kishining hayoti xavf ostida qolishi mumkin.
Bugun ham shunga o‘xshash oqibatlar takrorlanishi mumkinmi? Vashington davlat universiteti dosenti Dipti Singx buni ehtimoldan xoli emas deb hisoblaydi.
"1870-yillardagi kabi bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ladigan ko‘p yillik qurg‘oqchiliklar takrorlanishi mumkin. Hozir vaziyat shundayki, atmosferamiz va okeanlarimiz 1870-yillarga qaraganda ancha issiqroq, demak, ular bilan bog‘liq ekstremal hodisalar yanada kuchliroq bo‘lishi mumkin", — deydi Singx.
"Ushbu super "El Nino" bilan bog‘liq qurg‘oqchilik xavfining ortishi ko‘plab mintaqalarda oziq-ovqat, suv va iqtisodiy xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yadi, bu esa o‘zaro bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar uchun global oqibatlarga olib kelishi mumkin", — deya qo‘shimcha qildi u.
