"Jonimni ham beraman": navoiylik ayol 18 yashar o‘g‘liga jigarini berdi. Operasiya uzoq davom etdi

"Jonimni ham beraman": navoiylik ayol 18 yashar o‘g‘liga jigarini berdi. Operasiya uzoq davom etdi

Kuni kecha akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ilk bor Karoli sindromiga chalingan bemorda murakkab jigar ko‘chirish operasiyasi o‘tkazildi. E’tiborlisi, ushbu jarrohlik amaliyoti xirurg, professor Mirshavkat Akbarov boshchiligidagi o‘zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil amalga oshirildi.

12 soatdan ortiq davom etgan jarrohlik amaliyotida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Rabot mahallasida yashovchi 18 yoshli bemor — Feruzbek Shamsiddinovga 44 yoshli onasi Gulchehra Yuldashevaning jigaridan bir bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi.

Hozir har ikkala bemorning ham ahvoli yaxshi, donor esa palataga olingan. Operasiya oldidan Feruzbek va onasi o‘zlarining his-hayajonlari va fikrlarini SSV Matbuot xizmati bilan o‘rtoqlashgan edi.

— Ikki yil avval terimda juda kuchli qichishish paydo bo‘ldi, — deydi F. Shamsiddinov. — Keyinchalik rangim sarg‘aya boshladi. Shundan so‘ng tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi shifokorlariga murojaat qildik. Topshirgan qon tahlillarim menda gepatit V kasalligi borligini ko‘rsatdi.

Vrachlar tavsiyasi bilan tibbiy muolajalar olishni boshladim, biroq umumiy ahvolimda ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi. Shundan so‘ng Buxoro viloyat klinik shifoxonasida qayta tibbiy tekshiruvlardan o‘tdim.

Yakuniy tahlillardan keyin shifokorlar jigarimda jiddiy xastalik borligini, uni esa Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida operasiya orqali davolash mumkinligini aytishdi. Bu yerga kelgach, menda kamdan kam uchraydigan og‘ir kasallik aniqlandi. Ochig‘i, avvaliga biroz qo‘rquv bo‘ldi. Ammo shifokorlarning tavsiyalari, ruhiy daldasi ushbu hayajonni yengishimga katta yordam berdi.

Bemorni operasiyaga tayyorlagan shifokor Azimjon Usmonov bu yil o‘nlab hamkasblari qatori Rossiyaning akademik V.I.Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazida malaka oshirib qaytgan yosh jarrohlardan.

Uning ta’kidlashicha, Karoli sindromi kamyob kasallik bo‘lib, har million kishining bittasida aniqlanadi. Bemor yosh bo‘lgani va kasallik irsiy ekani hamda hech qanday virusli infeksiya yo‘qligi sababli Feruzbek operasiyadan so‘ng o‘zini tez tiklab oladi.

Ma’lum bo‘lishicha, dastlab bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan bo‘lgan. Lekin tekshiruvlarning anatomik xususiyatlari uning donor bo‘la olmasligini ko‘rsatgan. Keyin esa bemorning onasi tekshirilib, jigarning bir bo‘lagini olish uchun barcha ko‘rsatkichlar mos kelgan. Biroq ortiqcha vaznga ega bo‘lgani uchun Gulchehra opa bir oy ichida 10 kilogrammga ozishiga to‘g‘ri kelgan.

— Har qanday ona uchun farzandining xastaligi eng og‘ir sinov, — deydi G. Yuldasheva. — O‘g‘limning dardga chalinishi menga qattiq zarba bo‘ldi. Boshida tushkunlikka tushib qoldim. Sababi avvallari jigar ko‘chirish operasiyasi chet mamlakatlarda o‘tkazilar, bunga esa har kimning ham qurbi yetavermasdi.

Biroq yurtimizda ham bu kasallikni davolash yo‘lga qo‘yilganini bilgach, ko‘nglim taskin topdi. Jigarimning "bir parchasi" sog‘ayib ketishi uchun nafaqat jigarimning bir bo‘lagini, balki jonimni berishga ham tayyorman. Fursatdan foydalanib, farzandimning sog‘ligi uchun kurashayotgan barcha shifokorlarga minnatdorlik bildiraman.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ayni paytda respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekadi. Ulardan 500 nafari jigar transplantasiyasiga muhtoj. Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasida shu yilning o‘zida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil 6 ta jigar ko‘chirib o‘tkazish operasiyasi amalga oshirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!