Jizzaxdagi Zomin tog‘larida yuz bergan yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzaxdagi Zomin tog‘larida yuz bergan yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jizzax viloyatining Zomin tumani «Duoba» qishloq fuqarolar yig‘ini O‘riklisoy qishlog‘i yaqinidagi o‘rmon hududlarida 1 avgust kuni yirik yong‘in yuz bergandi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Daryo» so‘roviga asosan ma’lum qilishicha, holat yuzasidan shu kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, O‘riklisoy qishlog‘ida joylashgan dam olish maskani birining atrofida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilayotganda yong‘in kelib chiqib, archa va boshqa o‘simliklar yonib nobud bo‘lib, Zomin Milliy tabiat bog‘iga juda ko‘p miqdorda zarar yetishiga sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan 1 avgust kuni Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198 (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 259-moddalari (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Hozirda Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovga aralashish va to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi», — deyiladi Bosh prokuratura taqdim etgan ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, 1 avgust kuni soat, taxminan, 10:40 da boshlangan yong‘in salkam sakkiz soatdan so‘ng o‘chirilgan. FVV ma’lumotlariga ko‘ra, 80 gektar maydonda quruq o‘t va daraxtlar yongan. Olovni o‘chirishga 1600 ga yaqin odam jalb etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!