Jismoniy shaxslarning pilladan oladigan daromadi soliqdan ozod qilinishi mumkin
Mamlakatimizda ipakchilik sohasini yanada rivojlantirish, tutzorlarni tashkil etish va ipak qurtini boqish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha tizimli mexanizmlar joriy etilgan.
Jumladan, qishloq joylarida aholi bandligini ta’minlashda muhim tarmoqlardan biri hisoblangan mazkur sohada 71 ta pillani qayta ishlash hamda 11 ta ipak qurti urug‘chiligi korxonalari va 16 ta tutchilik xo‘jaliklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, sohada 108 mingta doimiy va 1,1 millionta mavsumiy ishchilarning bandligi ta’minlanmoqda.
Yaratilgan imkoniyatlar bilan bir qatorda pilla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali sohadagi bandlikni oshirish, shuningdek, bozor mexanizmlarini joriy qilish ishlarini jadallashtirish masalalari dolzarb hisoblanadi.
Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasi Coliq kodeksining 483-moddasiga ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.
Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonunda Soliq kodeksining 483-moddasiga tegishli qo‘shimcha kiritilib, 2026 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish (kasanachilik) faoliyatidan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lari (bo‘shagan mablag‘larni kasanachilarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish sharti bilan) ijtimoiy soliqdan ozod qilinishi taklif etilmoqda.
Qonunda pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffisiyent qo‘llanilgan holda hisoblab chiqarilishi belgilanmoqda.
Senatorlar, ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etgan muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.