Jannatga kirishga va do‘zaxdan uzoqlashishga sabab bo‘ladigan amallar

Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan safarga chiqqan edim. Ketayotganimizda u zotga yaqinlarida bo‘lib qoldim. Shunda:
«Ey Allohning Rasuli, menga meni jannatga kiritadigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering», dedim.
«Batahqiq, mendan buyuk narsa haqida so‘rading. Zotan, u Alloh muyassar qilgan kimsa uchun juda ham osondir. Allohga ibodat qilursan. Unga hech narsani shirk keltirmassan hamda namozni qoim qilursan. Zakotni ado qilursan. Ramazon (ro‘zasi)ni tutursan. Baytni haj qilursan, – dedilar.
Imom Termiziy «Iymon» bobida rivoyat qilgan va sahih, degan.
Sharh: Ushbu hadisda har bir mo‘min banda bilishi va amal qilishi lozim bo‘lgan ulkan ishlarga dalolat bor.
Bu ishlarni birma-bir ko‘rib chiqishdan oldin sahobai kiromlarning, xususan, Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhuning solih banda bo‘lish uchun qanchalar ishtiyoqmand ekanliklarini tushunib yetishimiz va ulardan o‘rnak olishimiz kerak.
Hazrati Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhuning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bu borada qilgan iltimoslariga nazar soling:
«Ey Allohning Rasuli, menga meni jannatga kiritadigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering».
Demak, maqsad nima qilib bo‘lsa ham jannatga kirish emas. Maqsad – jannatga do‘zaxdan uzoqlashgan holda, unga yaqinlashmay turib kirish.
Bugungi kishilardan ba’zilari esa «falon ishni qilsa, jannatga kirar ekan, biz ham qilganmiz», deb, umrida bir-ikki marta iyd namoziga borib qo‘ygani yoki shunga o‘xshash bir narsani aytadilar.
«To‘g‘ri, o‘sha qilingan ish uchun ma’lum muddat jannat mukofoti bo‘lishi mumkin, ammo tark qilingan har bir farz yoki vojib amal uchun, o‘qilmagan har bir rak’at namoz, tutilmagan har bir lahza ro‘za, berilmagan har bir tiyin zakot uchun qanchadan-qancha do‘zaxda yotish ham bor», deyilsa, e’tibor bermaydilar.
Bu esa o‘ta mas’uliyatsizlik, Allohning dinini pisand qilmaslikdir. Aslida mo‘min-musulmon banda jannatga eltuvchi har bir amalni kichik sanamasdan qilishi, do‘zaxga eltuvchi har bir narsadan qochishi lozim. Chunki jannatga kirib, do‘zaxdan uzoqlashib qolish Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi sharifda aytganlaridek, buyuk, lekin Alloh muyassar qilganlar uchun oson ishdir.
Ana endi bu hadisda zikri kelgan o‘ta muhim ishlarni birma-bir ko‘rib chiqaylik:
I. Insonni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtiradigan ishlar:
1. «Allohga ibodat qilursan. Unga hech narsani shirk keltirmassan».
Demak, e’tiqodda ham, amalda ham yolg‘iz Alloh taoloning O‘zigagina ibodat qilib, U zot «e’tiqod qil», degan narsalarga e’tiqod qilib, amrlariga bo‘ysunib, ko‘rsatmasi ila O‘ziga itoat qilgan holda yashab o‘tish lozimdir.
2. «Namozni qoim qilursan».
Demak, bandaning do‘zaxni chetlab, jannatga kirishi uchun zarur va lozim bo‘lgan omillardan biri namozni qoim qilib, to‘kis o‘qishidir. Namoz farz bo‘lganidan boshlab, umrning oxirigacha uni bir rak’at ham qoldirmay o‘qishga harakat qilish va uni ado etishdir. Namoz o‘qimagan odam bu baxtga muyassar bo‘la olmaydi. Shuningdek, yolg‘iz iyd yoki jum’a namozini o‘qib yurganlar ham o‘zlarini namozni qoim qilganlar qatoriga qo‘sha olmaydilar.
3. «Zakotni ado qilursan».
Moli nisobga yetgan musulmon odam uchun zakot berish xuddi iymondek va namoz o‘qishdek farzdir. Zakotni inkor qilgan odam kofir bo‘ladi, uni e’tirof qilib turib, bermagan odam esa osiy bo‘ladi. Jahannamni chetlab, jannatga kirishni xohlagan banda boshqa ibodatlar qatori zakotni ham ado etishi lozimu lobuddir.
4. «Ramazon (ro‘zasi)ni tutursan».
Bandaning jahannamni chetlab, jannati na’imga kirishi uchun zarur bo‘lgan omillardan yana biri Alloh taolo farz qilgan Ramazon oyi ro‘zasini iymon va ixlos ila tutishdir. Busiz do‘zaxni chetlash ham, jannatga kirish ham mumkin emas.
5. «Baytni haj qilursan».
Qodir bo‘lganlarga umrida bir marotaba baytni haj qilish farz ekanligi hammaga ma’lum va mashhur.
Jannatga kirmoqchi, jahannam azobidan qutulib qolmoqchi bo‘lgan har bir banda Islomning besh rukniga og‘ishmay amal qilishi lozim. Islom Alloh tomonidan yuborilgan mukammal va barkamol dindir. Musulmon esa ana shu mukammal dinga mukammal amal qiladigan odamdir.
Nima uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhuning «Meni jannatga kiritadigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering», degan iltimosiga «Kalimai shahodatni aytishing», deb javob bermadilar? Chunki Islom iymonni tilda tasdiqlashdan tashqari, shariat buyurgan amallarni ado etishni ham ko‘zda tutadi.
Shuningdek, kim namoz o‘qisa, jannatga kiradi, kim ro‘za tutsa, jannatga kiradi yoki kim zakot bersa, jannatga kiradi, kim haj qilsa, jannatga kiradi, degan mazmundagi hadislar ham bor. Hatto ba’zi hadislarda bir itni o‘limdan qutqarib qolgan ayolning jannatga kirishi haqida ham ta’kid kelgan. Lekin bu boshqa ishlarni, ibodatlarni qilish kerak emas, degani emas. Balki o‘sha zikr etilayotgan ibodatga kishilarni targ‘ib qilishdir.
Odatda insonlar orasidagi oddiy muomalalarda ham «falon ishni qilsang, maqsadingga yetasan», degan gap ko‘p ishlatiladi. Lekin bu birgina o‘sha ish bilan murod hosil bo‘ladi, boshqasini qilma, degani emas. Balki mazkur ishning ahamiyatini ta’kidlash, xolos.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Hadis va hayot kitobidan)
Manba: islom.uz