Ixlos surasining fazilatlari haqida batafsil ma’lumot bering

— “Ixlos” surasining savoblari haqida kengroq tushuntirsangiz. Men o‘zim ko‘p o‘qiyman, ko‘p o‘qisa savobi ham katta, deb aytishadi...
— Ulamolar “Ixlos” surasi Qur’onning uchdan biriga tengligi, unda Allohning Somad ismi borligi, boshqa suralarda bu ism topilmasligini aytishadi.
Ba’zi ulamolar: “Qur’onning o‘zi uchga bo‘lingani uchun: uchdan biri hukmlar, uchdan biri va’da va va’idlar (qaytariqlar), yana uchdan biri ism va sifatlar. “Qul huvallohu ahad” shu uch bo‘lakning bir bo‘lagi, ya’ni ism va sifatlar bo‘lagidir. Shu ma’noda bu sura “Ixlos” deb nomlanadi”, deydilar.
“Ixlos” surasining sifatlari haqida bir qancha rivoyatlar kelgan. Ulardan ayrimlarini keltiramiz:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim uch narsani iymon bilan ado etsa, jannatning xohlagan eshigidan kiradi va xohlagan hurga uylanadi: kim qotilni afv qilsa, maxfiy ravishda birovning qarzini to‘lasa va har farz namozidan so‘ng “Qul huvallohu ahad”ni o‘n marta o‘qisa”, dedilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: “Bittasini qilsa-chi, Yo Allohning Rasuli?” deb so‘radilar. U zot: “Bittasini qilsa ham”, dedilar” (Abu Ya’lo Musiliy Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
“Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, kambag‘alligi va nochorligidan shikoyat qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Qachon manzilingga kirsang, odam bo‘lsa-bo‘lmasa, salom bergin, so‘ng menga salom yo‘llagin va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qigin”, dedilar. Haligi kishi shunday qildi. Natijada Alloh taolo unga shu darajada rizq berdiki, hatto qo‘shnilari-yu qarindoshlariga ham mo‘l-ko‘l yog‘dirdi” (Hofiz Abu Muso Madiniy Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilgan).
“Kim “Qul huvallohu ahad”ni har kuni ellik marta o‘qisa, qiyomat kuni: “Tur, ey Allohni maqtovchi! Jannatga kir!” deyiladi” (Tobaroniy Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilgan).
“Kim vafot bilan nihoya topadigan kasalligida “Qul huvallohu ahad”ni o‘qisa, qabrida fitnalanmaydi, qabr siqishidan omonda bo‘ladi va farishtalar uning qo‘lidan tutib, sirot ko‘prigidan jannatga olib o‘tadilar” (Tobaroniy va Abu Nu’aym Abdulloh ibn Shixxirdan rivoyat qilganlar).
Muhammad Ayyub HOMIDOV