Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi: Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi uchinchi eng yirik savdo hamkori

Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi: Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi uchinchi eng yirik savdo hamkori

29-may kuni Rim shahrida “O‘zbekiston va Italiya: hamkorlikning yangi qirralari” mavzusida “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati tomonidan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda Italiya TIV, turli davlat idoralari, yetakchi kompaniyalari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Italiyaning Toshkentdagi elchisi Agostino Pinna tadbirda so‘zga chiqib, 2017 yildan O‘zbekistonda izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ekspert yangi konstitusiyaviy islohot bozor iqtisodiyoti uchun yanada mustahkam poydevor yaratib, tadbirkorlik faoliyatining asosiy erkinliklari va kafolatlari mustahkamlanayotgani, xususiy mulk himoyasi kuchaytirilayotganini alohida qayd etdi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, “Italiya-O‘zbekiston munosabatlari aynan shunday jadal va izchil rivojlanayotgan paradigmada gullab-yashnamoqda. Shunday qilib, 2022 yil yakuniga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 32 foizga o‘sib, 535,4 million yevroga yetdi va bu Italiyani O‘zbekistonning Yevropadagi uchinchi yirik savdo hamkoriga aylantirdi”.

Italiya biznesining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi o‘zaro xarakterga ega bo‘lib, davomli ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Keyingi yillarda respublikada Italiya kapitali ishtirokida konchilik, metallurgiya, neft-kimyo va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yangi sohalarni qamrab olgan korxonalar soni ikki barobarga oshdi. Natijada, so‘nggi to‘rt yil ichida o‘zlashtirilgan Italiya investisiyalari hajmi yetti baravar ko‘payib, 7,1 million dollardan 49,6 million dollarga yetdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi Rimda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!