Isroil BMT Inson huquqlari kengashidan chiqishini e’lon qildi

Isroil tashqi ishlar vaziri AQShning BMT Inson huquqlari kengashi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorini olqishladi va uning mamlakati ham shunday qilish niyatida ekanini aytdi, deb xabar beradi DW.
AQShdan keyin Isroil BMT Inson huquqlari kengashi ishida ishtirok etishni to‘xtatishini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Gideon Saar 5 fevral, chorshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida yozdi.
— Isroil prezident Trampning BMT Inson huquqlari kengashida ishtirok etmaslik qarorini olqishlaydi. Isroil Qo‘shma Shtatlarga qo‘shiladi va BMT Inson huquqlari kengashi ishida qatnashmaydi, — dedi vazir bayonotida.
Saar BMT Inson huquqlari kengashini "an’anaviy tarzda inson huquqlarini buzuvchilarni himoya qilishda" va "Yaqin Sharqdagi yagona demokratiya - Isroilni obsessiv tarzda demonizasiya qilishda" aybladi.
—Bu organ asosiy e’tiborni inson huquqlarini targ‘ib qilish o‘rniga demokratik mamlakatga hujum qilish va antisemitizmni targ‘ib qilishga qaratgan, — deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Isroil tashqi ishlar vaziri, shuningdek, uning mamlakatiga qarshi yuzdan ortiq qoralovchi rezolyusiya qabul qilinganini eslatib o‘tdi, “bu Kengashda hozirgacha qabul qilingan barcha rezolyusiyalarning 20 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi – Eron, Kuba, Shimoliy Koreya va Venesuelaga nisbatan ko‘proqdir”.