Ismoil Xoniya Qatarda dafn etildi
Qatar poytaxtida Falastinning XAMAS harakati Siyosiy byurosi raisi Ismoil Xoniyaning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. U Doha chekkasida joylashgan Lusayl qabristoniga dafn etildi. Bu haqda Aljazeera yozdi.
Avvalroq siyosatchining tobuti Qatarning Buyuk Davlat masjidiga qo‘yilgan edi. U yerda janoza namozi o‘qildi. Dafn marosimi minglab odamlarni jalb qildi.
Marosimda Qatar amiri, bosh vazir, Eron prezidentining birinchi o‘rinbosari, Turkiya tashqi ishlar vaziri va boshqa yuqori martabali amaldorlar ishtirok etdi. Motam marosimida XAMAS rahbariyati a’zolari, jumladan, marhumning ehtimoliy vorisi deb atalgan Xolid Mishal ham ishtirok etdi.
Xoniya so‘nggi yillarda XAMAS harakatining siyosiy idorasi joylashgan Qatar poytaxtida yashab kelgan.
Motam marosimlari Indoneziya, Livan, Malayziya, Pokiston, Turkiya va Yamandagi husiylar nazoratidagi hududlarda ham bo‘lib o‘tdi. Marosimdan bir kun oldin xayrlashuv marosimi Tehronda bo‘lib o‘tgan edi.
31 iyul kuni Falastinning XAMAS harakati o‘z Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya vafot etganini e’lon qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Xoniya Tehronda bo‘lgan paytida portlovchi qurilma ishga tushirilishi oqibatida halok bo‘lgan.
XAMAS Xoniyaning o‘limi uchun qasos olishga va’da berdi. Xoniyaning Eronda o‘ldirilishi Tehron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishiga olib keldi.