Islomda hazilga munosabat qanday?
Dinimiz insonlarni doimo bir-birlari bilan chiroyli muomala qilishga, ochiq chehrali bo‘lishga, insonlar qalbiga xursandchilik kiritishga, tabassum va samimiyatga buyurgan. Hattoki, biz uchun arzimagan ko‘ringan tabassum ham sadaqa ekani haqida hadislar mavjud. Kishilar o‘zaro muomala qilar ekanlar, ular bir-birlariga nisbatan har xil hazil-mutoyibalar, qiziqarli gaplar va latifalar bilan suhbatlarini bezaydilar.
Biroq, gohida ushbu hazillar me’yoridan oshib ketgani sababli, kishining kayfiyatini ko‘tarish uchun boshlangan hazillar kimningdir dilini og‘ritishga, o‘zaro nizo va janjallar kelib chiqishiga, jamiyatning rivoji uchun putur yetishiga olib boradi. Ayniqsa, xalqimiz orasida “ Hazil va mutoyiba kuni ” sifatida nom chiqargan 1 aprel kunida uchraydigan qo‘pol va qaltis hazillardan ko‘pchilik aziyat chekadi. Eng yomoni, aynan shu kuni dinimiz ta’limotiga zid bo‘lgan, Alloh taolo bandalariga harom qilgan yolg‘onchilik, firibgarlik, cho‘chitish va obro‘sizlantirish kabi amallar oshkora va ommaviy tarzda amalga oshirilishi oqibatida insonlar qattiq gunohkor bo‘ladilar.
Dinimizda har bir masalaning yechimiga oid ko‘rsatma va kerakli tavsiyalar berilganidek, hazillashishning ham o‘z odoblari, qonun-qoidalari mavjud. Agar ushbu ko‘rsatmalarga rioya qilinsa, muloqotlarimiz yanada mustahkamlanadi va o‘zaro mehr muxabbatimiz ziyoda bo‘ladi. Bu kabi hazillar uchun esa maxsus kun va maxsus “bayram” talab etilmaydi.
Rasululloh (s.a.v): “Albatta men hazil qilaman. Lekin faqat haq so‘zni gapiraman”, dedilar. Demak, kishi o‘zgalar bilan qilayotgan muomalasida hazillashishi yaxshi xislat. Biroq ushbu hazil gunoh va ma’siyatga aylanmasligi uchun bir nechta shartlarga amal qilishi kerak.
1) Hazilda me’yor bo‘lishi kerak. Chunki ulamolar hazilni taomga solinadigan tuzga o‘xshatishgan. Kam bo‘lsa ham, oshib ketsa ham insonga yoqmaydi. Me’yorida bo‘lgan hazil, taomni mazali bo‘lishiga sabab bo‘lgan mo‘’tadil tuz kabi suxbatni ham samimiy bo‘lishiga xizmat qiladi. Islom dini bizni har bir narsada mo‘’tadil, ya’ni o‘rtacha bo‘lishga chaqirgan. Chunki har bir berilgan narsa faqat o‘z me’yorida bo‘lgandagina ne’mat hisoblanadi. O‘z me’yoridan oshgan har bir narsa esa falokat bo‘ladi. Qolaversa, hazilni ko‘p qilgan kishining haybati va jiddiyligi yo‘qoladi.
2) Hazil mutoyiba yolg‘ondan xoli bo‘lishi kerak. Alloh taolo aytadi: “Va yolg‘on so‘zdan yiroq bo‘lingiz” (Haj,30). Chunki yolg‘on og‘ir gunohlardan biridir. U munofiqlik alomati hisoblanadi. Nabiy (s.a.v.): “To‘rt xislat bor, ular kimda bo‘lsa, aniq munofiq bo‘libdi. Kimda bittasi bo‘lsa, to uni tashlamagunicha, munofiqlikdan bir xislat bo‘ladi: omonat topshirilsa xiyonat qiladi; gapirsa, yolg‘on gapiradi; ahdlashsa, ahdni buzadi; janjallashsa, fojirlik qiladi ”, dedilar (Muttafaqun alayh). Chunki yolg‘on seni so‘zingni tinglab turgan, senga ishonib turgan insonlarning ishonchini so‘ndirishga, qalbiga ozor yetishiga, boshqa kishilarga ham ishonchsizlik ila qarash kabi illatlarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, garchi hazildan bo‘lsa ham yolg‘on gapirish xarom amaldir.
3) Hazil masxara va kamsitishdan xoli bo‘lishi kerak. Kunlarning birida Rasululloh (s.a.v.)ning huzuriga bir ayol keldi. O‘ziga zarur ma’lumotlarni olgandan keyin chiqib ketdi. Shunda Oisha onamiz: “Bo‘yi pakana ekanmi”, deya kulimsiradilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Ey Oisha! Sen hozir shunday yomon so‘z aytdingki, agar shu so‘zing dengizga tushsa, uning suvini aynitib yuborardi”, dedilar (Abu Dovud va Termiziy).
Shunday hazillar borki, ular faqat kishilarni ustidan kulish, shaklu shamoilini, ranggini yoki qandaydir xislatini masxara qilishdan iborat bo‘ladi. Asarlarda keltiriladiki: “Inson Alloh taoloning qurib qo‘ygan binosidir. Mana shu binoni vayron qilgan kishi mal’undir”. Demak, ana o‘sha hazillar nafaqat insonni, balki shu insonning yaratuvchisi bo‘lgan Alloh taoloni masxara qilish hisoblanadi.
4) Hazil mutoyiba shari’at hukmlariga til tekkizishdan yiroq bo‘lishi kerak. Hozirgi kunda qiziqchilikni qasb qilib olib, turli yo‘llar bilan kishilarni kuldirayotganlar va bu ishlarini hazil deya baholayotganlarning ba’zi birlari shariat hukmlarini masxara qilib, din va shariat peshvolarini sarlavha qilib aytayotgan latifalari sababli, qattiq gunohkor bo‘lmoqdalar, iymon degan ne’matning o‘zlaridan ketib qolishiga sababchi bo‘lmoqdalar. Chunki “Shariat qildan nozik, qilichdan o‘tkir”, degan gap bejiz aytilmagan. Dinimizda shunday hukmlar borki, ularni hazillashib aytish ham chin hisoblanadi. Bular, nikoh, taloq, qul ozod qilish kabilardir. Ahli ilmni ustidan kulish esa Alloh taoloning ilm sifatini kamsitmoq, masxara qilmoq hisoblanadi.
5) Birovning narsasini beso‘roq olishda ham hazillashish mumkin emas. Abdulloh ibn Soibdan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh (s.a.v.) aytadilar: “Sizlardan biringiz o‘z birodarining matosini hazillashib ham, chindan ham berkitib olmasin. Kim o‘z birodarining hassasini olgan bo‘lsa ham qaytarib bersin ”, dedilar (Termiziy).
6) Hazil birovni qo‘rqitish yoki cho‘chitishdan yiroq bo‘lishi kerak. Hazillashib bo‘lsa ham, musulmon kishini cho‘chitish harom. Rasululloh (s.a.v.) sahobalari bilan o‘tirgan vaqtlarida ulardan biri uxlab qoldi. Shunda bir kishi arqon yoki shunga o‘xshash narsani ilonga o‘xshatib uxlagan hamrohiga tekkizdi. Shunda u cho‘chib uyg‘onib ketdi. Rasululloh s.a.v. unga qarata: “Musulmon kishi uchun boshqa bir musulmonni cho‘chitish halol emas ”, dedilar (Abu Dovud).
7) Hazil mutoyiba fahsh va uyat so‘zlardan, behayo qiliqlardan xoli bo‘lishi kerak. Alloh taolo aytadi: “Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar” (Nur,19). Shunga ko‘ra, kishilar xayoliga uyat ishlarning kelishiga sabab bo‘ladigan har qanday gap so‘z va harakatlar qilish haromdir.
Rasululloh (s.a.v.): “Mo‘min kishi ko‘p so‘kuvchi ham, ko‘p la’natlovchi ham, fahsh so‘zlarni aytuvchi ham, odobsiz ham bo‘lmaydi ”, dedilar (Imom Termiziy).
Qolaversa, inson o‘ziga munosib kishiga hazil qilishi kerak. Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) o‘z o‘g‘liga shunday nasihat qiladi: “ Shariyf, hurmatli kishiga hazil qilma, o‘rtada hasad va adovat paydo bo‘ladi. Razil, pastkash odamga hazil qilma, senga nisbatan jur’atli bo‘lib qoladi”.
Xulosa shuki, inson qay holatda gapirishidan qat’i nazar, gapirayotgan so‘zi xoh chin yo xoh hazil bo‘lsin, uning so‘zlarini yozib turuvchi farishtalar hozirligini, ular o‘zlariga yuklatilgan vazifalariga aslo xiyonat qilmasliklarini, 1 aprel sababli ularning qalami amallarni yozishdan to‘xtab qolmasligini yoddan chiqarmaslik kerak. Qolaversa, Alloh taolo har doim va har vaqt kuzatuvchi Zot ekanini, oxiratda bandalarining yaxshi gaplariga mukofot, bekorchi va yomon gaplariga azoblar berishi muqarrar ekanini yoddan chiqarmasligi kerak bo‘ladi.
Manba: muslim.uz
