Ish staji to‘liq bo‘lmagan fuqaroga pensiya qanday tayinlanadi?

Ish staji to‘liq bo‘lmagan fuqaroga pensiya qanday tayinlanadi?

O‘zbekistonda yoshga doir pensiya olish uchun fuqaroning ish staji kamida 7 yil bo‘lishi lozim. 7 yil va undan ko‘proq ish stajiga ega shaxslarga pensiya ish staji miqdoriga mutanosib ravishda tayinlanadi.

Pensiya jamg‘armasining eslatishicha, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 37-moddasida ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlari sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:

  • xodimning 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ishi uchun Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan taqdirda, 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, agar mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa;
  • harbiy xizmat, partizan otryadlari va qo‘shilmalarida, davlat xavfsizligi organlari va ichki ishlar organlarida xizmat qilgan bo‘lsa;
  • idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va tog‘-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmati uchun;
  • yakka tartibdagi mehnat va oilaviy tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan, shaxsiy yordamchi xo‘jalikdagi va yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi dehqon xo‘jaligidagi faoliyati uchun. Bunda 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari hamda 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan bo‘lishi kerak.

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan mehnat faoliyatiga 1965 yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri ham hisobga olinadi.

Ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul xodimlarning ish staji, basharti ular Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari ana shu muallifning asari e’lon qilingan yoki birinchi marta jamoat oldida ijro yoki namoyish etilgan kundan e’tiboran belgilanadi.

Shuningdek, pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan umumiy kasallik oqibatidagi I va II guruh nogironlariga nogironlik pensiyasi qonunning 17-moddasiga muvofiq bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.

Umumiy kasallik oqibatida vafot etgan hamda nogironlik pensiyasini tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga pensiya boquvchining bor stajiga mutanosib ravishdagi (17-modda) miqdorda tayinlanadi.

Ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalar bor stajga mutanosib miqdorda quyidagicha tayinlanadi:

  • yoshga doir pensiyalar uchun – yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan;
  • I guruh nogironlariga nogironlik pensiyalari uchun – yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan;
  • II guruh nogironlariga nogironlik pensiyalari uchun – yoshga doir eng kam pensiyaning 75 foizidan;
  • oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun – yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan;
  • ham otasi, ham onasidan judo bo‘lgan (chin yetim) har bir bolaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun – yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam yoshga doir pensiya oyiga 513 350 so‘mni tashkil qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!