Inson manfaatlari ustuvorlik qilmoqda!
Har bir davlat o‘z fuqarolari bilan munosabatga kirishar ekan, alohida huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Ya’ni, davlat ham, fuqaro ham o‘ziga xos huquq va majburiyatlar egasidir. Masalan, davlat fuqarolar tinch, xavfsiz, farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish kabi majburiyatga ega bo‘lsa, fuqarolar esa, birinchi navbatda, qonunlarga bo‘ysunishi, jamiyatdagi qoidalar va talablarga rioya qilishi, hayoti davrida duch keladigan majburiyatlarini bajarishi kabi mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olishi lozim bo‘ladi.
Yoki fuqaro va davlatning bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqligiga yana bir misol. Har bir fuqaro shaxsiy avtomobilga egalik qilishga haqli. Bu uning mulk huquqi hisoblanib, qonun bilan himoya qilinadi. Fuqaro ushbu huquqni amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi, avtomobildan foydalanganda yo‘l harakati qoidalariga rioya etishi kerak bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 20-moddasida insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, degan muhim norma mustahkamlanayotganiga alohida e’tiborimizni qaratishimiz lozim. Mazkur konstitusiyaviy norma islohotlarning bosh maqsadi “Inson qadri uchun” g‘oyasini kundalik amaliyotimizda bosh qadriyatga aylantirishga, ya’ni insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishini ta’minlashga xizmat qiladi. Konstitusiyada mavjud bo‘lgan normalar jamiyatdagi muhim muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solsagina, inson manfaatlariga xizmat qilsagina, uning yuridik kuchi, ta’siri seziladi va e’tirof etiladi. Konstitusiyaviy islohotlarning eng muhim maqsadlaridan biri ham xalqning Bosh qonunimizga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish hamda konstitusiyaviy yo‘l bilan ularning hayotiy masalasiyu muammolarini hal etishdir.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanadi, deyilyapti. Ya’ni, bunda jazolash yoki boshqa ta’sir ko‘rsatishning chegarasi insoniylikka borib taqaladi. Aniq aytganda, Konstitusiya va qonunlarning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Ya’ni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas. Aksincha, ular vositasida jamiyat huquqiy jihatdan tartibga solinadi, insonlar hayoti barqarorlashtiriladi va bir maromda ketishi ta’minlanadi
Huquqiy davlatda barcha munosabatlar aniq qoidalar bilan tartibga solingan bo‘lishi kerak. Ammo hayotda shunday vaziyatlar yoki holatlar vujudga kelishi mumkinki, davlat va inson o‘rtasidagi ayrim munosabatlarning yechimi qonunchilikda ko‘rsatilmagan yoki noaniqliklarga sabab bo‘lishi aniq. Mana shunday holatlarda muammo kimning foydasiga va qanday tartibda hal etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson foydasiga talqin qilish deganda, davlatning o‘zaro tushunmovchiliklar va qarama qarshiliklar vujudga kelganda inson foydasiga “da’vodan” voz kechish tushuniladi. Ushbu tamoyil odatda jinoyat prosessi ishtirokchilari, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish doirasida keng qo‘llanilib kelinmoqda. Endilikda ushbu tamoyilning Konstitusiyada mustahkamlanishi uning qo‘llanilish doirasini kengaytiradi va inson ishtirok etishi mumkin bo‘lgan har qanday ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga talqin etish imkonini beradi. Misol tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 13 - moddasiga ko‘ra, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yilgan.
Davlat va fuqaro bir biri oldida mas’ul bo‘lmasa ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Fuqarolar o‘z majburiyatlarini sidqidildan bajarsa, qudratli davlat barpo etiladi, o‘z navbatida, davlat majburiyatlarini to‘liq bajarsa aholi farovon yashaydi.
Mazkur norma bilan birinchidan, qonunchilik hujjatlarini qabul qilish va uni amalda qo‘llashda, ikkinchidan, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatini tashkil etishda inson huquqlari mazmun-mohiyatiga ustuvorlik berish Konstitusiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Ushbu normaning kiritilishi — so‘nggi yillarda ilgari surilgan inson qadrini e’zozlash prinsiplariga to‘la mos keladi. Qonunchilikda yechimi topilmagan har qanday masala fuqaro foydasiga hal etilishi tarixiy qadamdir.
Sherzod ZULFIQOROV,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert
