Ilk Prezident maktabini qurish ishlari boshlandi

Ilk Prezident maktabini qurish ishlari boshlandi

2019 yilning 7 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida Prezident maktabining qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Tantanada O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov, Bosh prokurori Otabek Murodov, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Djurayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi raisi Musa Yerniyazov, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.

Achilboy Ramatov, Musa Yerniyazov va Nuroniy jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi rahbari Sharap Usnatdinov Prezident maktabining poydevoriga kapsula qo‘yib, maktab qurilish ishlarini boshlab berdilar. Yangi maktab Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti oldidagi hududda quriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 20 fevralida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida gi Qarorni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Birinchi uchta maktab joriy yilda Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan edi. 2019 yilda Prezident maktabini Namangan shahrida ham qurish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2020-2021 yillar davomida mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham Prezident maktablari tashkil etiladi.

Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflarining har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qiladi.

O‘quv jarayoni esa xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va STEAM - ta’lim (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san’at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablariga qabul imtihonlarini tashkil etishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!