Ikki voyaga yetmagan qizga uylanib, birga yashab kelgan 21 yoshli yigit jazolandi

Ikki voyaga yetmagan qizga uylanib, birga yashab kelgan 21 yoshli yigit jazolandi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar sudida 21 yoshli yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining ko‘p xotinli bo‘lish hamda 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddalari bo‘yicha ish ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Bu haqda UzNews.uz xabar qildi.

Ish hujjatlarida ma’lum qilinishicha, 2019 yilda 2002 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi 2004 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan voyaga yetmagan G.G‘.ga 16 yoshga to‘lmaganini bilgan holda er-xotin bo‘lib yashashni taklif qilgan. Qizning roziligi bilan ular 2019 yil dekabr oyidan shu kunga qadar er-xotin bo‘lib yashab kelgan. Shuningdek, ular bu orada 1 nafar farzandli ham bo‘lishgan.

Bundan tashqari, A.T. 2006 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan voyaga yetmagan E.E.ga ham er-xotin bo‘lib yashashni taklif qilgan. Uning roziligi bilan 2022 yilning avgustidan dekabriga qadar o‘z xonadonida birga yashagan, ya’ni erkak bir uyda 2 nafar xotin bilan umumiy ro‘zg‘or asosida kun kechirgan.

Sudlanuvchi bu harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 126-moddasi 1-qismi (ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash) va 128-moddasi 3-qismi "a" bandi (takroran 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilgan.

Sudlanuvchi A.T. sudda qilmishidan pushaymonligi, ikkala oilasi bilan ularning roziligi asosida yashagani, jabrlanuvchilardan kechirim so‘rashini bildirib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan. Uning birinchi ayoli G.G‘. sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Sud hukmiga ko‘ra, A.T.ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bunda uning kech soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash uyidan chiqishi cheklandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!