Ochiq muloqot — tadbirkorlik rivojining yangi bosqichi
Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va qulay investisiya muhitini yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar bevosita Prezidentimizning tashabbuslari va alohida e’tibori bilan amalga oshirilmoqda.
Bundan besh yil oldin yo‘lga qo‘yilgan xayrli tajriba — «Tadbirkorlar kuni» arafasida Prezidentimizning soha vakillari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlari bugun izchil an’anaga aylandi.
Bu borada, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-138-son Farmoni bilan tadbirkorlikni rivojlantirishning 7 ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha 72 ta qonunchilik hujjatini ishlab chiqish belgilandi.
Shuningdek, Farmonda tashqi iqtisodiy faoliyat va turizmni rivojlantirish, soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish masalalari hamda chora-tadbirlarni amalga oshirishning moliyaviy resurslari hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda belgilab berilgan 70 ga yaqin aniq vazifalar ijrosi bugungi kunda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Farmon ijrosi doirasida Biznes-ombudsman zimmasiga moliyaviy jarimalarni tizimlashtirish va asossiz ravishda jarimalar qo‘llashga javobgarlik belgilash hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida muhim vazifalar yuklatildi.
Bugungi kunda nazorat organlari tomonidan jarima qo‘llashda yagona mexanizmning yo‘qligi turli xil yondashuvlarni yuzaga keltirmoqda.
Misol uchun, Soliq kodeksiga ko‘ra, aybiga iqror bo‘lib, jarimani o‘n kun ichida ixtiyoriy to‘lagan tadbirkorga jarima miqdori ikki baravarga kamaytiriladi.
Biroq, ushbu yengillik “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi va boshqa bir qator qonunlar asosida qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan nazarda tutilmagan.
Misol tariqasida raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Samarqand viloyatida soliq organlari qo‘llagan jarimalar ixtiyoriy to‘langanligi natijasida ikki baravarga yoki 29,1 mlrd so‘mga kamaytirilgan bo‘lsa, raqobat va reklama qonunchiligi bo‘yicha qo‘llanilgan 2,1 mlrd so‘mlik jarimalarning atigi 92,7 mln so‘mi ixtiyoriy to‘langan.
Shuningdek, viloyat bo‘yicha bevosita tadbirkorlar huquqlarini himoyasi doirasida so‘nggi ikki yilda sud va yuqori idoralar tomonidan jami 46,4 mlrd so‘mlik moliyaviy sanksiyalar asossiz deb topilib, bekor qilingan.
Shu sababli, Biznes-ombudsman tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarida barcha moliyaviy jarimalarni xatlovdan o‘tkazish va bitta qonun bilan tizimlashtirish, shuningdek tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan asossiz ravishda jarimalar qo‘llagan mansabdor shaxsning ma’muriy javobgarligini belgilash nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Farmonda belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada sog‘lomlashtirishga va tadbirkorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Namozov,
Biznes-ombudsman devoni yetakchi inspektori
