IIBB: Toshkentda 38 yoshli firibgar ayolga jazo tayinlandi

Internet tarmog‘ida, xususan Uzxalqharakati.com saytida Shaxnoza Boyqunusova nomidan murojaat tarqatilgan bo‘lib, unda SH.Boyqunusovaga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan tergov noxolis olib borilgani, guyoki prosessual hujjatlar soxtalashtirilgani ta’kidlangan, deb yozmoqda IIBB matbuot xizmati.
Jabrlanuvchilar tomonidan Toshkent shahrining bir necha tuman Ichki ishlar idoralariga yozilgan arizalar asosida hech qayerda ishlamaydigan, 1981 yilda tug‘ilgan SH.Boyqunusovaga nisbatan 5 ta holatda JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. SH.Boyqunusova va uning jinoiy sheriklari jabrlanuvchilarni aldab, ularning plastik kartalaridagi pul mablag‘larini naqdlashtirib berish bahonasi bilan qo‘lga kiritib, plastik kartochkalardan yechilgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatishgan. Yetkazilgan zararning umumiy miqdori 397 million 970 ming so‘mni tashkil etgan. Gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan SH.Boyqunusova tergovga kelishdan va yetkazilgan zararni qoplashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Shu sababli 2018 yil 2 aprel kuni u JPKning 227-moddasi tartibida (surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori asosida ushlab turish) ushlangan va vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. 3 aprel kuni unga JKning 168-moddasi bilan ayblov e’lon qilingan. 4 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sud jarayonida aybdor deb topilgan SH.Boyqunusova yetkazilgan zararni qoplagan va shu sababli 2018 yil 18 oktyabr kungi hukm bilan sud tomonidan unga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turi tayinlangan. Ya’ni, u ish xaqidan 20 foizini ushlab qolish sharti bilan 2 yil 2 oy 13 kunga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Ushbu hukm 2018 yil
28 oktyabr kuni qonuniy kuchga kirgan.
Shu bilan birga, ichki ishlar vaziri nomiga keltirilgan ayblovlarni asossiz va nomaqbul deb hisoblaymiz, chunki tergov qonun doirasida, har tomonlama, to‘la va xolisona olib borilgan bo‘lib, bu sud xukmi bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda har kim qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Hurmatli internet tarmog‘i foydalanuvchilari! Sizlarni bunday mavzularni yoritishda va munosabat bildirishda xolis bo‘lishga, ehtiroslarga berilmaslikka chaqiramiz. Go‘yoki kimnidir fosh etadigan Qaynoq xabarlarni chop etishdan oldin taraflarni har birini, xususan, yuqoridagi holatda nafaqat ichki ishlar idoralari, balki SH.Boyqunusovaga o‘xshash shaxslarning noqonuniy qilmishlaridan jabrlanganlarni ham eshitish foydadan xoli bo‘lmas edi , deyiladi xabarda.