Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi
“Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-223-son, 20.12.2024 y.) qabul qilindi
Farmonga ko‘ra, mahalliy hokimliklar mas’uliyati va hisobdorligini oshirish hamda ularning tashabbuskorligi, islohot va o‘zgarishlarga “egalik qilish” rolini kuchaytirishga qaratilgan tizim joriy etiladi.
2025 yilda respublika va hududlar kesimida iqtisodiy o‘sish, ishsizlik hamda kambag‘allik darajasini pasaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagi moliyaviy imkoniyat va vakolatlar beriladi:
▪️2025 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni to‘liq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar byudjetlariga o‘tkazish;
▪️mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga hamda ob’ekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yildan quyidagilarga ruxsat beriladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga:
tuman (shahar)larning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YATTlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining eng kam va eng yuqori qat’iy belgilangan stavkalari doirasida tuman (shahar)lar kesimida YATTlarga qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilash;
soliq solish maqsadida qo‘llanadigan ko‘chmas mulk ijara qiymatining 1 metr kvadrat uchun o‘rnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tuman (shahar)lar kesimida 2 barobargacha oshiruvchi koeffisiyent, xususan, Toshkent shahrida ushbu oshiruvchi koeffisiyentni yer solig‘i kabi zonalar kesimida qo‘llash;
xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlariga:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffisiyent qo‘llash;
noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffisiyent belgilash vakolatlarini berish.
Farmonga muvofiq, hokimliklarga quyidagi vakolatlar beriladi:
2025 yil 1 martdan hududi 10 ming metr kvadratdan, baholangan qiymati 5 ming BHMdan oshmagan hamda 6 oy davomida sotilmagan mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlarini 2 yil ichida yangi loyihani ishga tushirish va ish o‘rinlari yaratish sharti bilan:
tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 yil muddatga ijaraga berish hamda davlat mulki uchun 4 yil davomida uzluksiz ijara to‘lovlarini amalga oshirgan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorga xususiylashtirish yoki baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish;
xalqaro tan olingan xorijiy til va malaka sertifikatlarini olishga o‘qitadigan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga dastlabki birinchi yili ijara to‘lovi undirmasdan 5 yil muddatga keyinchalik uning muddatini uzaytirish sharti bilan ijaraga berish.
Tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yo‘nalishlarda ma’muriy vakolatlar beriladi:
davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;
2025 yil 1 yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlarini mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvargacha belgilangan ro‘yxat bo‘yicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.