Joriy yil sog‘liqni saqlash tizimida qanday yangi tuzilmalar tashkil etildi?
Poyoniga yetayotgan 2024 yil sog‘liqni saqlash tizimida yangiliklarga boy bo‘lmoqda. Yangi tuzilmalar tashkil etildi, zamonaviy shifo maskanlari ochildi.
Xususan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash maqsadida davlatimiz rahbarining 2024 yil 22 yanvardagi tegishli qaroriga muvofiq Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etildi.
Unga davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini va davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish, tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish hamda davlat xaridlari samarasi va shaffofligini oshirish, farmasevtika sohasini isloh qilish, sanitariya qoida va normalarini zamonaviy talablar asosida yangilash kabi qator vazifalar yuklatildi.
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi huzurida Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etildi.
Muassasaning bolalar onkogematologiyasi, gematologiya, onkologiya, reanimasiya, gemodializ va plazmoferez bo‘limlari, stasionar va maslahat poliklinikasi zamonaviy jihozlandi. Muassasaga eng so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar keltirib o‘rnatildi.
Davolash va diagnostika standartlari yangilandi. Yana bir muhim jihati, molekulyar genetika, immunogistoximiya kabi murakkab laborator tekshiruvlar shu yerning o‘zida yo‘lga qo‘yildi.
Binobarin, joriy yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron platformasining “Vaziyatlar markazi” ochildi. U orqali sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha axborot tizimlarini yagona majmua orqali nazorat qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Markaz joylardagi axborot tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlaydi, unda respublikadagi 1700 dan ortiq tibbiyot muassasalarining ma’lumotlar bazasini real vaqt rejimida ko‘rish va tahlil qilish imkoniyati mavjud.
Shu bilan birga, Tibbiyot tashkilotlarini lisenziyalash va akkreditasiyalash markazi tashkil etildi.
Poytaxtimizda amalga oshirilgan navbatdagi mega loyihalardan biri Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan kompleksi barpo etilishi bo‘ldi.
Bu yerda Yevropa va AQSh standartlari asosida 17 ta yangi klinik bo‘lim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimasiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etildi. Ular jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlandi.
Bunday zamonaviy texnikalarni ishlatish uchun yuzga yaqin mutaxassis 8 ta xorijiy davlatda malaka oshirib qaytdi.
Jarrohlik bo‘limida yiliga 6 mingta yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazish imkoniyati bor.
Yangi uskunalar yordamida ko‘z, halqum va qizilo‘ngach qismi o‘smalarini kesmasdan olib tashlash mumkin. Qovuq o‘smalari kam invaziv usulda bartaraf etiladi. Bularning samarasida bemorlar tezroq tuzalib, 3-5 kunda uyiga qaytishi mumkin.
Shu bilan birga, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali mintaqada “noldan” qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Barchasidan ko‘zlangan pirovard maqsad esa yagona — xalqni tibbiyotdan rozi qilish!