Turkiya barqaror gastronomiyani qo‘llab-quvvatlaydi
Turkiya Barqaror turizm dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida oziq-ovqat va ichimlik yetkazib beruvchilarning barqaror sertifikatlanishini yo‘lga qo‘ymoqchi va bu tashabbusi bilan gastronomik barqarorlikni ta’minlashga sodiqligini ko‘rsatmoqda.
Turkiya o‘zining boy oshpazlik merosini zamonaviy, ekologik amaliyotlar bilan uyg‘unlashtirib, barqaror gastronomiyani ta’minlash yo‘lida ulkan sayohatga chiqdi. Turkiya 19 000 dan ortiq tasdiqlangan va sertifikatlangan muassasalari bilan barqaror turizmni boshlab bergan yetakchi mamlakatdir va hozirda sanoatning barqarorligini tezlashtirish maqsadida oziq-ovqat va ichimlik yetkazib beruvchilar uchun Barqaror turizm dasturining yangi modulini tayyorlamoqda. Ikki yil ichida mamlakatdagi o‘nta restoranning Michelin Green Star mukofoti bilan taqdirlangani va Turkiyaning geografik ko‘rsatkichga ega mahsulotlar soninig ortib borayotgani Turkiya pazandachilik sektorining 100% barqaror kelajakka tayyor ekanligini ko‘rsatadi.
Oziq-ovqat va ichimlik yetkazib beruvchilar uchun GSTC mezonlari
2022 yilda Turkiya Barqaror turizm milliy dasturini tayyorlash uchun hukumat darajasida Global Barqaror Turizm Kengashi (GSTC) bilan shartnoma imzolagan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatda 17500 dan ortiq turar joy ob’ektlari tekshirilgan va 1300 tasi GSTC mezonlari bo‘yicha sertifikatlangan. Ana shunday sa’y-harakatlar tufayli Turkiya global indekslarda barqarorlik bo‘yicha yetakchi o‘rinni egalladi. Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksi (TTDI) 2024 natijalariga ko‘ra, mamlakat 119 davlat orasida 29 o‘rinni egalladi. Ushbu dasturni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatidan so‘ng, Turkiya oziq-ovqat va ichimlik ta’minotchilari uchun yangi mezonlarni ishlab chiqmoqda. GSTC mezonlarining ushbu yangi to‘plami oziq-ovqat va ichimlik yetkazib beruvchilari uchun sanoatning global barqarorlik standarti bo‘lib xizmat qiladi. Turkiya Barqaror turizm dasturi doirasida restoranlarni barqaror sertifikatlash bo‘yicha ham muhim ishlarni amalga oshiradi. Turkiya restoranlari uchun barqaror sertifikatlashning maqsadga muvofiqligini baholashda mahalliylashtirilgan va yangilangan ko‘rsatkichlar bilan GSTC Industry mezonlarini qo‘llaydigan “pilot (sinov) dastur”ini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Michelin yashil yulduzli 10 ta restoran
Turkiyaning yangi avlod oshpazlari va restoran yurituvchilari o‘zlarini Onado‘li hududining madaniy ildizlari bilan chambarchas bog‘langan gastronomik sahnasini yaratishga bag‘ishlaydilar. Ular turk oshpazlik merosini asrab-avaylab, barqarorlikni ta’kidlaydigan ko‘plab zamonaviy taomlarni talqin qilish orqali kelajak avlodga qoldiradi. Shu tarzda ekologik mas’uliyatli gastronomiyaga sodiq bo‘lgan restoranlarga Michelin Yashil Yulduzi beriladi. Michelin Guide 2024 tanlovi doirasida Turkiyada to‘rtta muassasa ushbu yulduzga ega bo‘lgandi. Michelin Guide 2025 yilgi Turkiya tanlovi esa 6 ta qo‘shimcha muassasaning tashabbuslari va sa’y-harakatlarini e’tirof etib, mamlakatdagi Green Star restoranlarining umumiy sonini 10 taga yetkazdi.
Barqaror maza
Turkiyaning barqaror merosining asoslari 81 viloyatning geografik jihatdan belgilangan, mahalliy va sifatli oziq-ovqatlaridir. Turkiyaning geografık ko‘rsatkichga ega mahsulotlari tabiiy ishlab chiqarish usullari va sifati orqali ekologik jihatdan barqaror lazzat an’anasini ko‘rsatadi. Turkiyada Turk Patent idorasi tomonidan ro‘yxatga olingan 2218 ta mahsulot va Yevropa Ittifoqi tomonidan ro‘yxatga olingan 29 ta mahsulot mavjud. Bundan tashqari, turk mintaqalarining mahalliy taomlari hali ham avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan o‘ziga xos reseptlar bo‘yicha va an’anaviy pishirish usullari bilan, barcha vitaminlar va minerallari, ta’m va tuzilishi saqlangan holda tayyorlanadi. Bu shuni anglatadiki, bu yerlarda yuzlab yillar avvalgi asl taomlarni tatib ko‘rish mumkin.