“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati samaradorligi oshadi

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati samaradorligi oshadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Xorazm viloyatining Urganch tumanida quriladigan Al-Xorazmiy shaharchasidagi yer maydonlarini ajratish orqali "Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining hududi kengaytiriladi. Shuningdek, "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasi hududlari maqbullashtiriladi.

Qarorga muvofiq, Xorazm viloyati hokimligi bir oy muddatda:

"Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasining maqbullashtirilayotgan yer maydonlari tuman zaxirasiga qaytarilishini, keyinchalik qonunchilikda belgilangan maqsadlar uchun foydalanilishini;

"Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasi uchun Al-Xorazmiy shaharchasidan ajratiladigan yer maydonlarining chegarasi chizmalarda qayd etilishini, naturada (joyning o‘zida) belgilanishini;

"Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasining Al-Xorazmiy shaharchasidagi hududi bosh rejasi ishlab chiqilishini ta’minlaydi.

Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilanadi.

Bosh rejani ishlab chiqish bo‘yicha pudrat tashkiloti belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolariga asosan aniqlanadi.

"Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasining 2023-2024 yillarda muhandislik-kommunikasiya va yo‘l infratuzilmasi bilan ta’minlanishi lozim bo‘lgan ob’ektlarining manzilli dasturlari Al-Xorazmiy shaharchasidagi hududining tasdiqlangan bosh rejasiga asosan bir oy muddatda shakllantiriladi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!