HAMAS: Isroil hujumlari natijasida G‘azoda 40 dan ortiq bola ochlikdan o‘ldi

HAMAS: Isroil hujumlari natijasida G‘azoda 40 dan ortiq bola ochlikdan o‘ldi

Hamas Isroilning G‘azo sektoridagi hujumlari natijasida kamida 40 nafar bola ochlikdan o‘lganini e’lon qildi.

Hamas siyosiy byurosi a’zosi Izzat al-Rishq bergan yozma bayonotida, G‘azodagi 3500 nafar bolaning to‘yib ovqatlanmaslik, oziq-ovqat qo‘shimchalari va vaksina yetishmasligi sababli o‘lim xavfi borligini bildirdi.

Uning qayd etishicha, Isroil hujumlari tufayli G‘azoga gumanitar yordam yetib bora olmagani uchun kamida 40 nafar bola ochlikdan nobud bo‘lgan. Rishk G‘azodagi gumanitar sharoit kundan-kunga yomonlashayotganini qo‘shimcha qildi.

Siyosatchi o‘z bayonotini quyidagicha davom ettirdi: «Dunyo bo‘ylab musulmonlar Ramazon hayitini nishonlayotgan bir paytda, G‘azo sektoridagi falastinliklar ochlik va tashnalik bilan chinakam fojiani boshdan kechirmoqda. Falastinliklarning fashistlar (Isroil) bosqinchilari tomonidan ommaviy qotillik davom etmoqda».

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo aholisi 9 oy davomida Isroilning bombardimoniga uchragan, uylari vayron bo‘lgan. Rishk, g‘azoliklarning 17 yildan ortiq vaqtdan beri uzluksiz qamal ostida yashayotganini eslatdi.

Hamas siyosiy byurosi a’zosi xalqaro hamjamiyat va islom olamini og‘ir sharoitlarda omon qolish uchun kurashayotgan va eng oddiy oziq-ovqatga ham muhtoj bo‘lgan G‘azo xalqiga shoshilinch insonparvarlik yordami ko‘rsatishga chaqirdi.

Seshanba kuni e’lon qilingan bayonotda Hamas Isroilning G‘azodagi «ochlik siyosati»ni chegaradan o‘tish joylarini yopish va yordam oqimining oldini olish orqali darhol to‘xtatishga chaqirdi.

«G‘azo sektorining tinch aholisiga, jumladan, bolalar, ayollar va qariyalarga qarshi ochlik urushi davom etmoqda. Ayniqsa, sektor shimolida ocharchilik va gumanitar falokat belgilari kuchaymoqda», — deyiladi harakat bayonotida.

G‘azo hukumati matbuot idorasi tomonidan 17 iyun kuni e’lon qilingan yozma bayonotda aytilishicha, Isroil va AQSh ma’muriyati gumanitar yordam va oziq-ovqat masalasidan G‘azo sektoridagi tinch aholiga siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanmoqda, ochlikni yanada chuqurlashtirmoqda va vaziyatni ataylab yomonlashtirmoqda.

3 iyun kuni OAV G‘azoda 3500 dan ortiq bola ochlikdan o‘lish xavfi ostida ekani haqida xabar berdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!