Go‘shtni ko‘cha haroratida ilgaklarga ilib sotish taqiqlanadi

Go‘shtni ko‘cha haroratida ilgaklarga ilib sotish taqiqlanadi

Yoz mavsumi boshlandi, issiq havoda har qanday mahsulotlarning tez buzilishi tayin. Hudud24.uz go‘sht, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olayotganda nimalarga e’tibor berish kerak, ularni saqlash, sotishda qonunchilikda qanday talablar belgilanganligi haqida ma’lumot beradi.

1. Go‘shtni ko‘cha haroratida ilgaklarga ilib sotish taqiqlanadi.

So‘yiladigan hayvonlardan olinadigan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tegishli sharoitlar yaratilgan bozor, savdo ob’ektlari va turg‘un savdo shahobchalarida realizasiya qilishga ruxsat beriladi.

Go‘shtni ko‘chalarda hamda savdo ob’ektlari va savdo shahobchalari ichida xona yoki ko‘cha haroratida ilgaklarga ilingan holda sotish, saqlash qat’iyan taqiqlanadi.

Hayvonlar go‘shtini sotishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

ularning so‘yilishi ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida amalga oshirilgan bo‘lsa;

go‘sht sotish uchun tegishli barcha sharoitlar, shu jumladan sovutgichli maxsus rastalar tashkil etilgan bo‘lsa;

veterinariya hujjatlari mavjud bo‘lsa;

veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan go‘shtlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilgan bo‘lsa.

2. Parranda va qushlarning patlari yulinmagan bo‘lsa ularni sotish mumkin emas.

Quyidagi hollarda go‘sht mahsulotlarini realizasiya qilishga ruxsat berilmaydi:

so‘yilishi ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida amalga oshirilmagan bo‘lsa;

go‘sht va go‘sht mahsulotlarini tashish uchun belgilanmagan transport yordamida yetkazib berilgan bo‘lsa;

veterinariya hujjatlari bo‘lmasa;

veterinariya-sanitariya ekspertizasining xulosasi (ma’lumotnomasi) bo‘lmasa;

oyoqlari va bosh qismi jun bilan birga bo‘lsa, shuningdek parranda va qushlarning patlari yulinmagan bo‘lsa;

xona yoki ko‘cha haroratida ilgakka osilgan yoki yerga (ochiq rasta ustiga) ochiq holda qo‘yilgan holatda bo‘lsa;

veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan go‘shtlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan bo‘lsa.

3. Go‘sht yog‘och kundalarda maydalanadi.

Go‘sht sovutgichli maxsus rastalarda (vitrinalarda) sotiladi. Bunda sovutgichli vitrinalarning har tomonlari zich yopiladigan bo‘lishi zarur. Go‘shtning rastalarga sig‘magan qismi sovutgichli xonalar yoki katta hajmdagi sovutgichlarda saqlanishi lozim.

Go‘shtni maydalash va ajratish maxsus yog‘och moslamalarda (kundalar) amalga oshirilishi lozim. Kundalarning yuzasi tekis bo‘lishi, ular muntazam ravishda pichoq bilan tozalanib turilishi, issiq suv bilan yuvilishi hamda ish kuni yakunlangandan keyin ustiga katta zarrachali tuz sepilishi va doka bilan qoplanishi lozim.

4. Go‘sht sotuvchisi bosh kiyimida bo‘lishi shart.

Sotuvchi to‘liq bo‘lgan maxsus kiyim boshda ishlashi hamda xaridorga go‘sht mahsuloti to‘g‘risidagi zaruriy va aniq axborotni berishi, xususan quyidagilarni ma’lum qilishi shart:

go‘sht va go‘sht mahsuloti olingan hayvonning turi, so‘yilgan sanasi;

iste’molga yaroqliligini tasdiqlovchi veterinariya ma’lumotnomasi.

5. Oziq-ovqat mahsulotlarida unga qo‘shilgan masalliqlarga oid ma’lumot bo‘lishi kerak.

Oziq-ovqat mahsulotlarida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

mahsulotlari tarkibidagi ingredintlar, qo‘shimcha masalliqlar;

oziqlik qiymati (kaloriyaliligi, oqsillar, yog‘, uglevodlar, vitaminlar, mikroelementlar mavjudligi), og‘irligi va hajmi;

qo‘llaniladigan sohasi (bolalar, davolash-profilaktika, oziq-ovqat mahsulotlari va parhez taomlar va boshqalar uchun);

tayyorlash usullari va shartlari (konsentratlar va yarim tayyor mahsulotlar uchun);

majburiy sertifikatlanadigan tovarlar uchun sertifikati;

saqlash shartlari;

tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati;

ayrim kasalliklarda iste’mol qilish mumkinmasligi.

Tovarlar savdo zaliga yoki sotiladigan boshqa joyga qo‘yilgungacha o‘ramidan ochilishi kerak. Tovarning iflos bo‘lgan qismi tozalanishi kerak.

6. Oziq-ovqat mahsulotlari quyosh nuridan pana joyda saqlanishi shart

Tuz, shakar, un, yorma va boshqa sochiluvchan tovarlarni qadoqlash va sotishda alohida kurakchalardan foydalaniladi.

Oziq-ovqat mahsulotlari quyosh nuri va yog‘ingarchiliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan holda joylashtirish taqiqlanadi.

Tortib sotiladigan mahsulotlar qadoqlanganda tovar o‘ramiga etiketka yopishtiriladi, unda uning nomi, tayyorlovchi korxonaning yoki tayyorlovchi mamlakatning nomi, bir birligining bahosi, tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati, qadoqlangan sanasi, qadoqlovchining tartib raqami yoki familiyasi ko‘rsatiladi.

Tortib sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari o‘ralganligi uchun qo‘shimcha undirilmaydi.

7. Biskvit tortlar sovitiladigan vitrinada sotilishi kerak

Qandolatchilik mahsulotlari (biskvit tortlar, pirojnoyelar va boshqalar), yarim tayyor mahsulotlar, tayyor masalliqlar va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni sotishga faqat sovitiladigan peshtaxtalar, vitrinalar bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.

8. Fumigasiya (zararkunandalardan himoya qilish usuli) qilingan mevalar 24 soat saqlanadi

Meva-sabzavotlar sortlarga ajratilib sotiladi. Ho‘l, quritilgan, qayta ishlangan meva-sabzavotlar maxsus, quyosh nuri tushmaydigan, yaxshi shamollatiladigan, sovitiladigan joylarda idishda saqlanishi kerak.

Mevalar buzilishining oldini olish uchun fumigasiya qilingan olma, nok va sitrus mevalarni savdo joylarida saqlash 24 soatdan oshmasligi kerak.

Quritilgan mevalar, sabzavot va qo‘ziqorinlar 0 darajadan +10 darajagacha haroratda quruq, salqin xonalarda yashiklarda, so‘kchaklarga joylashtirilgan polietilen yoki kraft qopchalarda saqlanadi.

Muzlatilgan meva va sabzavotlar harorati –8 –10 °C darajadan oshmaydigan past haroratli kameralarda va peshtaxtalarda saqlanadi.

9. Kartoshka va boshqa meva-sabzavotlar xaridorga ko‘rinib turishi kerak

Kartoshka va meva-sabzavot tovarlari sotishga qo‘yishdan avval yaroqsiz va nostandartlarga ajratib saralanadi, shuningdek ularning ifloslangan ustki qismi tozalanadi.

Yangi va quritilgan meva-sabzavot tovarlari va kartoshkani sotish tovarning narxi va sorti ko‘rsatilgan, qadoqlangan holda amalga oshiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!