Guljahon Yuldashova 4 yil muddatga "kesildi". Yana 4 kishiga yakuniy hukm o‘qildi

Guljahon Yuldashova 4 yil muddatga "kesildi". Yana 4 kishiga yakuniy hukm o‘qildi

2021 yil 5 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida sudlanuvchilar Guljahon Yuldashova (1975 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori), Shihnazar Ro‘zmetov (1990 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori), Jaxongir Ziyadullayev (1986 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori), Alisher Dadamatov (1990 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh hisobchisi) va Janar Akimova (1977 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh hisobchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, iqtisodchisi) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi raisi S. Avlakulov raisligida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, 

G. Yuldashova Jinoyat kodeksining 25,167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan reabilitasiya qilinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “a”, “b”, “v”, “g” bandlari, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

SH. Ro‘zmetov Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

J. Ziyadullayev Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi bilan reabilitasiya qilinib, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi va 28,228-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

A. Dadamatov Jinoyat kodeksining 25,167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan reabilitasiya qilinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.  

J. Akimova Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.  

Shuningdek, jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!