Germaniyaning o‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” partiyasi yetakchisi Rossiya bilan "yaxshi munosabatlar" o‘rnatmoqchi ekanini ma’lum qildi

Germaniya kanslerligiga nomzod Alis Vaydel bu haqda Bild nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Biz Yevropadagi qo‘shnilarimiz bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishni xohlaymiz. Shu bilan birga, yirik davlatlar, jumladan, Rossiya bilan ham juda yaxshi aloqalar o‘rnatishni istaymiz. Biz, avvalo, o‘z mamlakatimizga zarar yetkazadigan sanksiyalar siyosatini tugatmoqchimiz", — deya ta’kidladi bildirdi Vaydel.
Rossiyaga qarshi fikr bildirmayotganini u aynan "juda yaxshi munosabatlarni saqlash istagi" bilan izohladi.
"Donald Tramp ham Rossiyani tanqid qilmaydi. Biz hammamiz muzokara stoli atrofida o‘tirishimiz kerak. Men buni jiddiy siyosat deb hisoblayman", — deya qo‘shimcha qildi Vaydel.
Bild'ning yozishicha, “Germaniya uchun muqobil” partiyasining saylovoldi dasturida Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash va erkin savdoni tiklash zarurligi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, ushbu partiya a’zolari Rossiya gazini Yevropaga yetkazib bergan “Shimoliy oqim” quvurini ta’mirlash kerak, deb hisoblaydi.